Samsung Galaxy S8 haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshladi
Internet-manbalar Galaxy S7 o‘rniga keluvchi yangi Samsung flagman smartfoni — Galaxy S8 apparatining hususiyatlari to‘g‘risida ayrim ma’lumotlarni e’lon qilishdi.
Yangi flagman ham ikki ko‘rinishda — odatiy va cheti egilgan displey (Edge modifikatsiyasi) shaklida bo‘ladi. Batafsil ma’lumotlar kelasi yilning fevralidan keyin e’lon qilinishi mumkin. Biroq ba’zi ma’lumotlarni hozirdanoq bilish imkoni mavjud.
Qayd etilishicha, yangi qurilmaning ekrani formati 4K/UHD — 3840 × 2160 pikselga teng bo‘ladi. Bu esa virtual reallik (VR) shlemi tarkibidagi qurilmalar ishlatilganda ancha yuqori aniqlikka ega tasvirlarni ta’minlab beradi.
Mavjud ma’lumotlarda ta’kidlanishicha, Galaxy S8 qurilmasining yana bir o‘ziga xos xususiyati unda ikki yadroli asosiy kamera borligi bo‘ladi. Shunga o‘xshash modullar turli ishlab chiqaruvchilar tomonidan ham foydalanib kelinmoqda.
Bundan tashqari, Galaxy S8 kuchli Qualcomm Snapdragon 830 protsessoriga ega bo‘ladi. Bu chipning asosida Kryo 200 yadrolari va Adreno 540 grafik kontrolleri joylashadi. X16 LTE ichki modemi ma’lumotlar yuklayotgan vaqt 980 Mbit/soniyada maksimal tezlikni ta’minlab beradi. Protsessor 10 nanometrli texnologiya bo‘yicha ishlab chiqariladi.