Samsung Galaxy A9 smartfonini rasman taqdim etdi (foto)
Samsung Xitoyda Galaxy A tasnifidagi o‘lcham bo‘yicha eng katta va texnik jihatdan mukammal bo‘lgan 6 dyuymli Galaxy A9 smartfonini taqdim etdi. Ma’lumki, bu tasnifga A7 (5,5 dyuym), A5 (5,2) va A3 (4,7) modellari kiradi, deya xabar beradi “Mobinfo.uz”.
Tasnifdagi boshqa smartfonlar kabi Galaxy A9 ham metall va oyna birikmasidan tayyorlangan, OS Android 5.1 Lollipop boshqaruvida ishlaydi. Full HD (1080p) Super AMOLED displey, 3 Gb RAM va 32 Gb flesh-xotira (microSD uchun slot qo‘shimchasi bilan ), 64 bitli Snapdragon 652 SoC protsessor, 4,000 mAch sig‘imli olinmaydigan va tez quvvatlanadigan batareya bilan jihozlangan smartfonning qalinligi atigi 7.4 mm.
Galaxy A9 LTE texnologiyasida ishlaydi, barmoq izi skaneri, 13 megapikselli asosiy va 8 megapikselli frontal kameraga ega. Uning korpusi tilla, oq va pushti ranglarda bo‘lishi bildirilgan.