Samarqandda avtobus 20 nafar yo‘lovchisi bilan ag‘darilib ketdi
Samarqand viloyatida 2020 yil 18 noyabr kuni soat taxminan 22:30 da haydovchi A.I. boshqaruvida bo‘lgan avtobus 20 nafar yo‘lovchi bilan ag‘darilib ketgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi. Yo‘l-transport hodisasi Oqdaryo tumani Paxtaobod mahallasi, Mustaqillik qishlog‘i hududidan o‘tuvchi «Samarqand-Buxoro» M-37 avtomobil yo‘lining 13-kilometrida sodir bo‘lgan. Haydovchi avtobusni boshqarib borayotgan vaqtida asfalt qismi sirpanchiq bo‘lganligi bois, boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomon chetki qismidagi pastlikka ag‘darilib ketgan. Yo‘l-transport hodisasi tufayli avtobusda yo‘lovchi sifatida kelayotgan fuqarolar A.B. va F.R.lar turli darajadagi tan jarohatlari olib, Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Hodisa natijasida vafot etganlar yo‘q. Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.