Rishod Sobirov va Abdulla Tangriyev dzyudochilik faoliyatini yakunladi
O‘zbekistonlik dzyudochilar Rishod Sobirov va Abdulla Tangriyev sportchilik faoliyatini yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasining bosh kotibi Dmitriy Adisman so‘zlariga tayanib, “1News.uz” xabar bermoqda.
“Rio–2016 Olimpiadasidan so‘ng dzyudo terma jamoasining deyarli 80 foizi yangilandi. Hozirda terma jamoa safida asosan yosh va istiqbolli o‘smir yigit va qizlar joy oldi. Tokio–2020 Olimpiya o‘yinlariga qadar 4 yillik tayyorgarlik oldidan avlodlar almashinuvi vaqti keldi.
Xususan, Rishod Sobirov va Abdulla Tangriyev faoliyatini yakunladi. Ularning o‘rniga kim keladi? Murabbiylar yosh sportchilar tajribali va taniqli faxriylardan qolishmasligiga amin bo‘ldi”, – dedi Dmitriy Adisman.
Ma’lumot uchun, 30 yoshli Rishod Sobirov Pekin–2008, London–2012 va Rio–2016 Olimpiya o‘yinlarining bronza medallari sohibi sanaladi. 35 yoshli Abdulla Tangriyev esa 2008-yilgi Pekin Olimpiadasida kumush medal sohibi bo‘lgan.