O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyevning deputatlikdan ketish qarori kun tartibida turibdi. U nega aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga yo‘llagan murojaati deputatlarga bildirgan ishonchidan keyin ketishga qaror qilgani hozircha mavhum bo‘lib turibdi.
Qonunchilik palatasining yana bir deputati Doniyor G‘aniyev Kusherboyevning bu qarorini qo‘llab-quvvatlamasligini aytib chiqdi.
"Rahmat senga Kusherboyev. Rasul Kusherboyev deputatlik faoliyatini tugatishga qaror qilibdi. Parlament uchun katta yo‘qotish, afsus.
Rasulning jur’ati, “dux”iga doim tan berganman, har qanday qarshilik va bosimlarga qaramay o‘z prinsiplarida qat’iy turishiga havas qilganman. Tan olish kerak, bu hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Garchi Rasulni hurmat qilsamda, lekin uning bu galgi qarorini unchalik ma’qullamayman. Chunki Kusherboyev keng jamoatchilik uchun aynan davlat rahbari boshlagan siyosiy islohotlar yutug‘ining timsoliga aylangan, mamlakatda kuchli parlament va demokratik jamiyat qurishda ko‘pchilikka ilhomlantiruvchi, umid beruvchi shaxs sifatida shakllangan edi. Unga minglab saylovchilari ishonch bildirgan, ndan deputat sifatida ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishini kutishgan.
Shu bilan birga, Rasul bu qarorga osonlikcha kelmaganiga ham aminman. Ehtimol bizga ayon bo‘lmagan asosli sabablari yoki shaxsiy muammolari bordur.
Bilishimcha, deputatlikdan ketishga hali rasman ariza bilan murojaat qilmagan. Balki, saylovchilari fikriga quloq solib, yana o‘ylab ko‘rar va qarorini o‘zgartirar. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham bu uning shaxsiy qarori va biz buni hurmat qilishimiz kerak.
Ishonamanki, deputatlikdan ketgan taqdirda ham Rasul Kusherboyev xalq manfaatlari va adolatli jamiyat barpo etish, fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘lida xizmat qilishdan to‘xtamaydi”, deb yozgan G‘aniyev.
Eslatib o‘tamiz, Rasul Kusherboyev deputatlikdan ketishiga Prezidentning parlament haqida aytganlaridan keyin ham boshqa idoralarning, ayrim amaldor rahbarlarning deputatlarga, parlamentga munosabati bu yo‘sinda saqlanib qolayotgani sabab bo‘layotganini va bundan xafaligini aytgan.