“Yurtimizda bugungi bunyodkorlik ishlarimizda faol qatnashayotgan, davlatimiz siyosatini qo‘llab-quvvatlayotgan, har ibodatida Vatanimiz tinchligi, xalqimiz omonligini Yaratgandan iltijo qilib yashaydigan millionlab sof niyatli musulmonlar bor. Ularning o‘z diniy ehtiyojlarini bundan buyon ham emin-erkin ado etishlari uchun hech qanday mone’lik qilinmaydi. Men bunga aslo yo‘l qo‘ymayman”.
Islom Karimov
Mahalla azaldan tarbiya, ma’rifat va ma’naviyat o‘chog‘i, milliy qadriyatlar hamda xalqimizning turmush tarzini shakllantiruvchi maskan sifatida e’tirof etib kelinadi. Darhaqiqat, saxovatpesha xalqimiz topganini el-yurt oldiga qo‘ysam deydi, shundan zavqlanadi. Shuningdek, xalqimizning har bir yaxshi va yomon kuni mahallasiz va masjid imomlarisiz o‘tmaydi.
Afsuski, xalqimizning ana shunday urf-odatidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanadigan g‘arazli kimsalar – qo‘shtirnoq ichidagi mullalar hamon topiladi. Baloi nafs yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan diniy bilimi sayoz, turli ixtiloflarga sababchi bo‘ladigan bu kimsalar xususida bir o‘ylab ko‘rsak yomon bo‘lmas edi.
Bu borada A.Tulepovning “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi!” nomli maqolasidan iqtibos keltiramiz.
“Hozirgi kunda joylarda, ayniqsa, chekka hududlarda odamlar orasida “mulla” yoki “domla” deb tanilgan chalasavod kimsalar zimdan faoliyat olib borayotgani kuzatilmoqda. Masalani chuqurroq o‘rganib, tahlil qilsak, bu ishlar juda xato, zararli ekaniga amin bo‘lamiz:
Chalasavod, ya’ni diniy va dunyoviy ilmlarni egallamagan, tegishli hujjat – shahodatnomasi yo‘q, o‘zini o‘zi “domla” deb nomlab, shar’iy hukumlarni bilmagan, hatto oddiy shar’iy masalalarni ham anglamaydigan hamda tafsir, xadis, fiqhdan xabarsiz kishi qanday qilib namoz, ro‘za, zakot, nikoh va taloq kabi nozik masalalar xususida so‘z yuritishi yoxud fatvo berishi mumkin? Bu narsalar aqlga sig‘maydigan ishdir.
Albatta, bunday chalasavod kishilar, avval turli joylarda ishlagan, endi uzun soqol qo‘yib, salla-chopon bilan, bir-ikki oyat yoki hadisni yodlab o‘zlaricha donolik qiladigan, o‘zini “ulamo” yoki “mulla” deb ataydigan kimsalar imomlik vazifasi qanchalik qiyin va mas’uliyatli ekanini his qilmaydilar”.
Xalqimiz bunday sharoitda har qachongidan ham hushyor bo‘lishi, mehrob va minbarning haqiqiy egalari imom-xatiblarimizga ergashishi, aksincha chalasavod mullalardan uzoq bo‘lishi zarur.
Quyidagi bir jinoyatning qisqacha sharhi yuqoridagi fikrimiz dalilidir.
2012 yilda xalqimizga xos bo‘lgan urf-odatga ko‘ra, bir inson o‘z xonadonida marosim o‘tkazadi. Unda ishtirok etgan chalasavod mulla fursatni g‘animat bilib, o‘zining jinoiy hamtovoqlariga uyning ko‘rinishi, qaerdan kirib qaerdan chiqib ketish chizmasini taqdim etadi. Buning oqibatida esa, ushbu xonadonda bosqinchilik sodir etiladi. Xonadon egalari ham ma’nan ham moddiy jihatdan zarar ko‘radi. Ana shunday voqealarning oldini olish uchun hamisha ogoh va hushyor bo‘lishimiz lozim. Chalasavod mullalarning qing‘ir ishlariga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz zarur.
O‘tkir Hoshimovning quyidagi bitigida “Qo‘shni qishloqda tug‘ilgan donishmanddan ko‘ra, o‘z qishlog‘imdan chiqqan telba afzal deydiganlar jamiyat ildiziga tushgan qurtdir!” – deb aytilgan.
Bugun yurtimizda demokratik huquqiy davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi paytda mamlakatimizda mavjud 9787 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organida, jami 36587 nafar xodim, jumladan, yig‘in raisi, mas’ul kotib, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi hamda “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbarlari samarali faoliyat ko‘rsatayapti.
Yuqorida aytilganlardan kelib chiqqan holda, bugungi kunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari ham ana shu jarayonda yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash, oilalarni mustahkamlash, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, tarixan tarkib topgan milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish, sohaga taalluqli qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifalarni to‘liq ta’minlashlari va bu borada mahalla oqsoqollari, O‘zbekiston musulmonlari idorasining joylardagi masjid imom-xatibi bilan hamkorlikda ishlashini mustahkamlash darkor.