“Sadoqat” filmi Yoqub Ahmedov, Muqaddas Sa’dullayeva, Umid Iskandarov va Nargiza Salmonovaning aktyorlik mahoratlarini to‘la namoyish etishlariga katta yo‘l ochib bergandi. Ayniqsa, Yoqub Ahmedov va Muqaddas Sa’dullayeva shu filmda aktyor degan nomga biroz javob bergulik rol yaratishgandi. Ushbu film rejissyori Ilhom Muhammadibrohimov ayni damda yangi kartina ustida ish olib bormoqda. “Qizlarning jahli chiqdi” deb nomlangan yangi filmda bosh rollarni o‘zbek kinosining eng taniqli aktrisalari – Zarina Nizomiddinova, Nargiza Salmonova, Feruza Sobitova, Muqaddas Sa’dullayeva, Bahora Arslonova ijro etishyapti. 5 qizning orasida omadi chopgan yigit esa Akbarxo‘ja Rasulov bo‘ldi.
Film yosh oilalarda arzimas ikir-chikirlarni deb uchrab turadigan muammolar, o‘rinsiz rashk va uning oqibatlari haqida. Komediya janrida suratga olinayotgan mazkur kartina premerasi 8 mart “Xalqaro xotin qizlar kuni” arafasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Shu kunlarda filmning so‘nggi sahnalari suratga olinyapti, deydi rejissyor Ilhom Muhammadibrohimov. Tez orada uni ovozlashtirish ishlari boshlab yuboriladi.
“Sadoqat” Ilhom Muhammadibrohimovning ilk rejissyorlik ishi edi va yomon natija bermadi. Ko‘raylikchi, navbatdagisi qanday chiqarkin. Har holda o‘zbek kinosida “xontaxta”lar yetarli.