Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SEVGI DUNYOSI

Qizimning fojeasiga o‘zim sababchiman...


Ikki qizim bor – bir-biriga sira o‘xshamaydi. Kattam Nasiba tirishqoq, sabrli, chaqqon, atrofdagilarga mehribon. Kichigim Hafiza esa... U juda nimjon tug‘ildi, o‘pka shamollashining o‘zidan 5 marta davolanganmiz. Shu sababli bo‘lsa kerak uni avaylab katta qildik. Gard yuqtirmasin deb yerga qo‘ymadim: 7 yoshgacha goh ko‘tarib, goh opichlab yurdim. Aytgan narsasini muhayyo qildim. Nasibam meni tushunardi, rahmi kelardi, o‘zi singlisidan ikki yoshgina katta katta bo‘lsa ham, uni parvarishlashda yordam berardi. Maktabda ham o‘qishlari a’lo, uy ishlariga ham ulgurgan. Xullas, u bir umr meni, singlisini, nogiron dadasini tushunib, hammaning ahvoliga qayishib yashadi.

Hafizani taltaytirib yuborganimni hamma gapirardi, faqat o‘zim tan olgim kelmasdi. Opasi ham maktabda u o‘zini juda yomon tutishini, qizlar bilan ham, o‘g‘il bolalar bilan ham birdek chiqisha olmasligini aytardi. Lekin men uchun o‘sha bolalar yomon, qizim aybdor emasdi.

8-sinfda o‘qib yurganida u birdan o‘zgardi. Ilgari hech ish qilmay, faqat ovqat yeb uxlayverganidan semirib ketgan qizim birdan o‘ziga oro beradigan bo‘lib qoldi. Parhez tutib ozdi. Men bu o‘zgarishlarni yaxshilikka yo‘ydim, xulqida ham yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘lishini kutdim: odamlardan u haqida yomon gaplar eshitishdan charchagandim.

Afsuski, bu o‘zgarishlardan qo‘rqishim kerak ekan. Qizim yigitlar oldida o‘zini yengiltaklardek tutadigan odat chiqardi. Uning hali u yigit, hali bunisi bilan pana-panada gaplashib yurgani xabari kelardi. Endi kenjamni tartibga chaqirmasam, koyimasam bo‘lmasdi. Bir kun kech qaytib juda xavotir oldirgani uchun qattiq urishdim. U esa uydan qochib ketdi. Boshimni qaysi devorga urishni bilmayman, zir yugurib qidiraman — Hafiza yo‘q! Sog‘lig‘i shunday ham yomon otasini bu voqea yiqitdi — insult bo‘ldi. Shifoxonaga yuguraymi, qizimni qidiraymi? Yaxshiki, Nasibam jonimga oro kirdi: singlisini qo‘shni qishloqdagi dugonasining opasinikidan topib keldi.

Otasi tamoman to‘shakka mixlanib qoldi. Lekin Hafiza bunda o‘zini zarra aybdor sezmas, akincha, endi hamma pul otamga ketadi, deb norozi edi. Chindan ham, dori-darmonga ko‘p pul kerak edi. Bir o‘zimning topganim esa hech narsaga yetmasdi. Nasiba o‘qishlari a’lo, institutga kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Ammo menga yordam berish uchun tikuv sexiga kirmoqchi bo‘ldi. Yo‘l qo‘ymadim. Qizim, albatta, o‘qishi kerak dedim.

Kelgusii yili uni Toshkentga kuzatdik. Qizim bir urinishda universitet talabasi bo‘ldi. Bu qorong‘i kunlarimni yoritgan nur edi. Biroq Hafiza...

U yoshi kattalashgani sayin aqli ozayib borayotgandi go‘yo. Kollejga nomiga borib-kelar, nuqul yangi kiyim, qimmatbaho telefon olib ber, deb janjal qilardi.

Oradan bir yil o‘tdi. Otasini berib qo‘ydik. Nasiba meni bu ahvolda tashlab ketishga ko‘zi qiymas, singlisiga ishonib bo‘lmasligini yaxshi bilardi. Lekin marosimlar o‘tgach, uni majburlab shaharga jo‘natdim. O‘zim esa toshbag‘ir qizim bilan qoldim. Hafiza chindan ham bir marta otamlashga arzimadi. Hatto, unda-bunda otasini ovqatlantirib, kiyimlarini almashtirib qo‘yishdan qutulganiga suyundi. O‘zi xolasiga shunday debdi.

Hafiza kollejni arang bitirdi va o‘qimayman deb turib oldi. Mayli, dedim. Tumanimizdagi qandolat sexiga ishga joylashtirib qo‘ydim. Ammo u yerda bir yil ishlar-ishlamas, ketib qoldi. Keyin tikuv sexi, sartaroshxona, bolalar bog‘chasi — barida uch-to‘rt oydan ishladi. Bo‘yni hech mehnatga yor bermasdi. Topgan puli o‘zidan ortmas, men esa yoshi 19 ga chiqayotgan bo‘lsa-da unga kiyim-kechak olib berishim, ro‘zg‘or qilishim, yana ketidan tozalab ham yurishim kerak.

Nasiba meni quvontirishda davom etardi. Universitetni tamomladi, yaxshi ishga joylashdi va menga moddiy jihatdan yordam ham beradigan bo‘lib qoldi. Men u yuborgan pullardan yig‘ib sep tayyorlamoqchi edim, chunki sovchilar kelayotgandi. Lekin Hafizaning chiqimlari, injiqliklaridan orttirib biror narsa jamg‘ara olmasdim. Bir marta Nasiba uyga kelganida singlisini endi yosh bola emassan, deb qattiq koyidi. Natijada opa-singil urishib qolishdi-yu, Nasiba uyga kelmaydigan bo‘ldi. Endi faqat telefonda gaplashar edik.

Nasibaga kursdoshi sovchi qo‘ydi — poytaxtda yashaydigan o‘ziga to‘q oila. Ota-onasi jihozlangan uy sovg‘a qilishdi, men deyarli hech nima qilmadim ham. Lekin Hafiza opasining baxtini ko‘rib quvonish o‘rniga, meni qattiq isnodga qo‘ydi.

Opasining to‘yida bir yigit bilan tanishgan ekan, yuzimni shuvit qilib u bilan qochib ketdi. Ortidan qidirib topib bordim. Bir boyvachchaning takasaltang o‘g‘li ekan. Ota-onasi chet elda, o‘zi yolg‘iz yashaydi. Qizim «Men ham opam kabi boyvachchaga erga tega olaman», deb maqtandi, men bilan qaytmadi. Bu sharmandalik qaddimni bukdi, ruhan sindirdi. Ammo u yigit qizimni sevadi, unga albatta uylanadi degan umid meni ushlab turardi.

Taassufki, mo‘’jiza ro‘y bermadi. Oradan bir yil o‘tib, Hafiza qornini qappaytirib qaytib keldi. Yigitning ota-onasi qaytib, uyda Hafizani ko‘rib qolishibdi va haydab solishibdi. O‘g‘illarini o‘zlari qatori bir badavlat insonning qiziga unashtirishibdi. Yigit ham endi menga kerak emassan, debdi. Eng yomoni, Hafiza bolani muddatdan oldin sun’iy yo‘l bilan tug‘moqchi, ya’ni uni o‘ldirmoqchi edi. Shahardagi opasi buni eshitib darrov yetib keldi. Bola senga kerak bo‘lmasa, tug‘ib menga ber, o‘zim boqaman, dedi. Ayni kunlarda u kuyovim bilan bepushtlikdan davolanishayotgandi. Hafiza esa jon deb rozi bo‘lish o‘rniga... bolasi evaziga shahardan mashina va uy so‘radi!

Kuyovim rozi bo‘ldi, aytganlarini berdi va nabiramni qonunan o‘ziniki qilib olib ketdi.

Endi meni butun qishloq «buzuqning onasi», deb qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatardi. Bu sharmandalikdan yerga kirib ketgudek bo‘lardim, ko‘chaga deyarli chiqmasdim. Hafiza bolasi evaziga olgan poytaxtdagi uyida yashar, mendan umuman xabar olmasdi. Bir necha bor Nasiba uni yo‘qlagani borganida uyida begona erkaklarni ko‘ribdi. Ammo endi menga baribir edi. U haqida umuman eshitmasam, yuzini ko‘rmasam derdim.

Bir kuni Nasiba bilan singlisi haqida gaplashib qoldik.

— Nasi, Hafiz kimga tortdi ekan a? Avlodimizda hech bunday odam yo‘q-ku.

— Avlodimizda emas gap, oyi. Sizda. Sizning haddan ortiq mehringizda.

— Bu nima deganing?

— Esingizdami, Hafiza yoshligida biror ayb qilsa, jahlingiz chiqib urishardingiz-u, keyin birpasda yana quchoqlab, erkalab, hatto kechirim ham so‘rardingiz. Aybi uchun jazo olmasligini bilgan qizingiz keyingi safar badtar ishlarni qilaverardi. Siz unga hech ish qildirmadingiz, natijada u uy-ro‘zg‘or tutishni bilmay o‘sdi. Doim uning uchun to‘lab, unga pul berib keldingiz. Hafiza buni oddiy, odatiy deb qabul qilardi. Aksincha, bermay qo‘ysangiz, xuddi o‘z haqini talab qilgandek pisanda bilan so‘rayverardi. O‘z puliga ko‘ylak va kosmetikadan bo‘lak biror narsa sotib olmagan odam narsalarning qadriga yetarmidi: uydagi ro‘zg‘or ashyolarini avaylab tutishni, saqlashni bilarmidi? Oyi, sizning beminnat va haddan ortiq mehringiz uni buzdi. Hafizaga boshqacharoq tarbiya kerak edi.

Nasibaning gaplari haq, biroq endi kech edi. Xuddi shu onda telefon jiringladi: Hafizaning Toshkendagi uyi uchastkovoyi chaqirayotgan edi. Nima gapligini aytmadi, tez yetib borar emishmiz.

Yetib borguncha yuragim o‘yilib tamom bo‘ldi. Yomon narsani sezib turardim. Ammo bunday dahshatga duch kelaman deb o‘ylamagandim.

Kvartira ostin-ustin bo‘lib yotardi. Hamma yoq ivirsigan, dasturxonda ichkilikdan bo‘shagan butilkalar ag‘anab yotibdi, uydan qo‘lansa hid anqirdi. Yuragim bir nimani sezdi, negadir oyog‘im vannaxona tomonga tortdi. Milisioner va Nasiba ushlab qola olishmadi. Ichkarida esa...

Vanna to‘la qon, Nasibaning tanasi ilma-teshik pichoqlab tashlangan...

Aytishlaricha, bir hafta komada yotibman.

Nega komadan chiqdim?!

Nega yashayapman???

Shu kungacha men ko‘rganlarimni azob deb o‘ylardim, yo‘q, ular shunchaki muammolar ekan. Haqiqiy azob neligini endi bilayapman...

ShAHINA yozib oldi.




Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @TaronaSupportBot manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: SEVGI DUNYOSI
Просмотров: 8486 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Qizim, fojea, o‘zim, sababchiman
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 04:42
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное