Otabek Muhammad Zohid kekkayganlarga kekkayishini aytdi
O‘ziga xos dardli ovozi va ijro uslubiga ega xonanda Otabek Muhammad Zohid “7x7” gazetasiga bergan intervyusida muxbirning “Nega ba’zan samimiy, ba’zan kibrli ko‘rinasiz” degan savoliga doim yaxshi kayfiyatda yurish, dildagi dardlarni ko‘zlar ostiga berkitish qiyinligini aytib, “Gohida arzimagan narsadan jahlim chiqib, tashqaridagi insonlarga kibrli ko‘rinaman. Bundan tashqari, “Egilganga egil, kekkayganga kekkay” maqoliga amal qilaman”, deb javob berdi.
Ma’lumki, vodiylik xonanda o‘z konsert dasturida, to‘ylarda qo‘shiqlarni jonli kuylovchi sanoqli ijodkorlar sirasiga kiradi. Shu jihati bilan san’at ahli va shinavandalarning mehrini qozongan. Mavzu xususida “Fonogramma – ekran qarshisida o‘tirib tomosha qilishdek gap. Jonli ijrodagi dasturda esa tinglovchi xonanda bilan birga qo‘shiq olamiga kirib boradi. Barcha tashvishlarini unutib, ruhan poklanadi. Shu sababli har qanday davrada jonli kuylashga intilish darkor”, deydi san’atkor.
Shuningdek suhbat davomida sahna kiyimi, qo‘shiqlari va atrofdagilarga munosabatini baholaydigan, har jihatdan u haqda qayg‘uradigan akasi borligi uchun singlisi Gulsanam Mamazotovaga havas qilishini aytgan.