“Ming istihola bilan sizlarga qo‘ng‘iroq qilayapman. Aslida bu voqelarni birovga gapirishga uyaladi odam. Ammo yuragim to‘lib ketganidan, yana boshqalarga dars bo‘lsin deb, sizlarga dilimdagilarni aytmoqchiman...” deya gap boshladi tahririyatga qo‘ng‘iroq qilgan ayol.
— Oilada uch farzandmiz. Opam turmushidan tinchib ketgan, shukr. Yaqinda o‘g‘lini uylantirib, qizini uzatadi. Onam to‘rt yil oldin, otam esa o‘n besh yillar avval olamdan o‘tib ketdi. Men esa yolg‘izman. Suyanganim akam ko‘ksimdan itardi. Mana, ikki yildan buyon alohida yashayman.
Akam yolg‘iz o‘g‘illigidanmi, yoki bolaligida ko‘p xastalanib, injiqroq bo‘lib qolganidanmi, juda erka edi. Ota-onam avvaliga uning ko‘ngliga qaradi, keyin esa qovog‘iga. Kichikligidan o‘zining aytganini qildirardi. Dadam ham “Yigit kishining sazasini o‘ldirmaslik kerak”, deb aytganini muhayyo qilardi. Men undan olti yosh kichikman. Shuning uchun oldinlari uning turkilashlarini, ba’zida arzimas narsani talashib, itarib yiqitishlarini “O‘g‘il bola-da, sho‘xroq”, deb oqlashardi. Biroq uning ham, mening ham yoshimizga yosh qo‘shilsa hamki, akamning qo‘pol munosabati hech o‘zgarmasdi. Yana bolaligimdan bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Akam uyning ichida koptok o‘ynab yurib, uni qattiqroq tepganida onamning ko‘ziga tekkandi. O‘shanda onam bechora bir oycha ko‘kargan ko‘zlarini yashirib, ko‘chaga chiqolmagan. Dadam buning uchun uni qattiq urishganida hali o‘n beshga kirmagan bola uydan qochib ketgandi. “Hali katta bo‘lsa, bosilib qolar” deya umid qilardi ota-onam. Ammo u bosilmadi. Mo‘ylovi sabza urmasdan ichadigan odat chiqardi. Otam bir necha bor qattiq gapirib ko‘rdi, hatto qo‘l ham ko‘tardi. Biroq naf bermadi. G‘isht allaqachon qolipdan ko‘chib bo‘lgandi. Maktabni tugatgach, na o‘qishni istadi, na biror tayinli ishning boshini tutdi. Oxiri otam “Shofyorlikni o‘rgansin, mashina olib bersam, balkim chalg‘ir” deb o‘ylab, o‘quv kursiga berdi. Akam esa mashinali bo‘lgach, bizni battar kuydirdi. Ota-onamning sochlari oq tushgani mayliga, uning bezoriliklari, gap qaytirishlari, jahli chiqsa, yo‘lida uchragan narsani tepib, irg‘itib ketishlaridan kuyib, salomatliklariga ham putur yetdi.
Uylantirish fursati yetganida, suygani borligini aytdi. Surishtirdik, ammo onam u qizning axloqi uncha yaxshi bo‘lmagani uchun ikkilandi. Va “O‘sha qizni olib bermayman”, deb shart qo‘ydi. Akamning bezoriliklari shundan keyin yanayam avjiga mindi. Bir yilga xorijga ishlashga ketdi. Kelgach, uzoqroq qarindoshimiz bo‘lgan qizga uylantirdik. Kelinoyim ikki pahalovondek o‘g‘il tug‘ib berdi. Uyam sabrli ayol edi, erining zug‘umlariga chidab yashadi. Ammo akam yangamning eng yaqin dugonasi bilan oilasiga xiyonat qilgach, chiday olmay kichik o‘g‘lini oldi-da, ota uyiga ketdi. Shu bilan akam besh yil yana bo‘ydoq yashadi. Bu orada otamning yuragi xuruj qilib olamdan o‘tdi. Onamning salomatligi ham yaxshi bo‘lmagani uchun, yana uni akamga ishonib tashlab ketolmasligim vajidan men ham sovchilarni rad etardim.
Qizim, to‘yingni ko‘rsam edi, — deb onam zor yig‘lardi.
Oyi, sizni kimga tashlab ketaman, akamning ahvoli bu bo‘lsa... Jahli chiqsa, sizni ham ayamaydi. Men turmushga chiqadigan odam ham shunday bo‘lsa, oila qurib, nima ham ko‘rardim? — derdim o‘ylaganlarimni tilimga ko‘chirib.
Nega unaqa deysan, bolam? Mana, opang tuzuk yashayapti-ku! Pochchang yaxshi odam, baraka topsin. Seni ishonchli qo‘llarga topshirsam, bu dunyodan ko‘zim ochiq ketmasdi. Bu bolaning aqli kirmadi. Ota bo‘lib, bosilmadi. Otasini yerga qo‘yib, xulosa qilmadi, — derdi onam bechora kuyinib.
Ha, haqiqatda akam insofga kelmadi. Mahalla-ko‘y o‘rtaga tushib, bir eridan ajrashgan juvonga uylantirdik. Qarindosh-urug‘ onamga maslahat soldi.
— Manzura opa, qizingizni uzating. Mana, kelin keldi uyingizga. Qo‘ying, shu qizning baxtini bog‘lamang, — deyishdi.
Ammo ming afsuski, kelindan ham omadimiz chopmadi. U onamga qarashni, xizmatini qilishni istamasdi. Buning ustiga, bir-ikki marta nobakor akam ichib olib, menga qo‘shib, onaizorimga ham qo‘l ko‘tardi. Ishlardim, pulimni qurtdek sanab olar, qiliqlari jonimdan o‘tganida gap qatyrasam, ayamasdan urardi. Ajrataman deb, o‘rtaga tushgan onamni ham siltab tashlardi. Oxiri onam bilan mahalladagi nuroniy cholning oldiga yig‘lab bordik. U kishi ham akamga nasihat qilib ko‘rdi, “Onasini xor qilgan ikki dunyoda xayr topmaydi”, deb gapirdi. Lekin bu nasihatlarning uning o‘ng qulog‘idan kirib chapidan chiqardi.
Eng alam qiladigani, onamning ahvoli og‘irlashsa, “Oyi, yaxshimisiz?” deyish o‘rniga tepamizga kelib olib, “Uyni menga meros qilib qoldiring. Qizingizga uy kerakmas” deb janjal qilardi. Akamning ham, kelinoyimnig ham qo‘rqqani shu edi. Men esa “Onam o‘lib qolmasin-da”, deb Xudoga iltijo qilardim.
Taqdir ekan, onam bu sinovlari ko‘tara olmadi. Akam bir kuni o‘lgudek ichib kelib, odatdagidek to‘polon ko‘tardi. Shunda onam:
— Bolam, qaysi gunohlarim uchun sen meni buncha qiynayapsan. Bir paytlari, chaqaloqligingda shifoxonada oylab olib yotardim seni. Do‘xtirlar qo‘lingga igna sanchsa, yuragim tilka-tilka bo‘lib ketardi. Kechasi bilan tuzalib ketishingni Xudodan so‘rardim. Endi esa necha yillardan beri senga insof so‘rayman. Men-ku, o‘lib ketaman. Faqat shu singlingni ortiq xor etma, — deb yig‘ladi.
Akam esa bir burchakda yig‘lab o‘tirgan bo‘lsam-da, o‘rnimdan tug‘izib, siltalay boshladi meni.
— Siz doim shunga achinasiz. Uni men qariqiz qilib qo‘yibmanmi? — deb baqira ketdi.
— Singlingni tinch qo‘y, — deb qo‘liga yopishgan onamni esa ko‘ksidan itardi. Onam hushidan ketib qoldi. “Tez yordam” chaqirdik. Yordam ko‘rsatishdi, ammo mehribonim uch kungina yashadi-da, bu olamdan ko‘z yumdi. Yolg‘izimdan ayrilib, yanayam yolg‘izlashib qoldim. Opamning o‘z oilasi, tashvishlari bor. Akamning ahvoli bu. Onamning ma’rakalari o‘tguncha hovlida ro‘zg‘or tashvishlari bilan g‘imirlab yurdim. Ammo aza tugagach, hammasi qaytadan boshlandi. Mana, ikki yil oldin uydan chiqib ketib, bir yolg‘iz keksa ayol bilan yashayapman. Begona bir odam menga mehr ko‘rsatib, boshpanasidan joy berdi. Ota hovlimni qo‘msayman, rahmatli mehribonlarimning chirog‘ini yoqib o‘tirishni istayman, ammo akam... hamon o‘sha...
Har bir inson farzand dunyoga keltirarkan, uning rohatini ko‘rsam, deydi. Odam borki jigariga suyanadi, undan mehr ko‘rishni istaydi. Men akamni qarg‘amayman, aksincha, ota-onamga qilgan zug‘umlari bir kun boshiga balolar bo‘lib qaytishidan qo‘rqaman. Axir bu hayotda hamma narsaning javobi bor.
Istagim, hech kimning boshiga bu kunlarni solmasin taqdir. Hech bir farzand ota-onasini zor qaqshatib, jigarlaridan yuz o‘girmasin...
Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @TaronaSupportBot manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat! Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Yoshligidan bola tarbiyasiga qattiqroq turish kerak edi. Mana oqibati ota-onasini qon yig'latdi. Ularni bevaqt olamdan o'tishiga sababchi bo' ldi bu nobokor o'gil. Erta indin afsuslanishi aniq agar usha kunlar kelsa... Singliga sabr tilemiz. Yaxshi joylarga kelin bulib tushsinlar. ..