Endi inson DNKsidan virusni olib tashlash imkoni bor. Olimlar tomonidan kashf qilingan bir qancha fermentlar kombinatsiyasi OIV-1 virusini “qo‘lga” oladi va zararlangan hujayralarni davolaydi.
Filadelfiyaning Templ universiteti olimlari tibbiyot sohasidagi eng olamshumul, noyob “topilma”lardan biriga mualliflik qilishmoqda. Bu insoniyatni tahlikaga solib kelayotgan bedavo dardga qarshi dori vositasi topilishi uchun qo‘yilgan ilk qadamdir. Shu yo‘l bilan boshqa yashirin kasalliklarni ham davolash mumkin bo‘ladi. Bu haqda “Golbis.com” nashri xabar bermoqda. Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida OIV-1 ni inson xujayralaridan olib tashlash texnologiyasi haqida batafsil yozilgan maqola chop etildi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yer yuzida 33 million kishi OITS bilan zararlangan. Garchi kasallikni kuzatib borish imkoniyati bo‘lsa-da, bunday bemorlar doimiy ravishda kerakli dori vositalarini qabul qilib yurishlariga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari kasallik insonda boshqa, qo‘shimcha dardlarni ham avj olishiga sabab bo‘ladi. Kardiomiopatiya – yurak mushaklarining kuchsizlanishi, suyak, buyrak kasalliklari kabi kasalliklar bemor ichishi lozim bo‘lgan kunlik dorilar tarkibidagi toksinlar natijasida paydo bo‘ladi.
Muammo shundaki, OIV kasallik zarralarini boshqa DNKlarga muntazam ravishda joylashtirib, yuqtirib turadi. Bu esa uni bedavo deb aytishga asos bo‘lardi. Templ universiteti olimlariga rahbarlik qilgan yana bir olim Kemel Xalili bir necha fermentlardan iborat kombinatsiya DNKni, undan so‘ng RNKga boruvchi hujayralarni tadqiq qiladi. Shundan so‘ng, genetik hujayra davolanadi, zararsizlantirilgan hujayralar atrofdagi hujayralarni zararlashdan to‘xtaydi. Shu orqali butunlay sog‘lom hujayralar vujudga keladi.
RNKga olib boruvchi tizimda insonning shaxsiy genlari ta’sirida o‘zgarish sodir bo‘lmasligi uchun olimlar nukleotid ketma-ketlikdagi fermentlardan foydalanishadi. Bu yo‘l bilan sog‘lom hujayralarning kutilmaganda zararlanishi va kasallikning davom etishining oldi olinadi.
“Inson immun tizimi OIV-1 virusini o‘zi, mustaqil ravishda yengishga qodir emas. Bu kabi fermentlar boshqa kasalliklarning ham davosini topishga sabab bo‘lishi mumkin”, – deydi Kemel Xalili. Ushbu texnologiya yaqin yillarda OITSga qarshi vaksina yaratilishiga asos bo‘lib xizmat qiladi. OIV nukleazalar bilan to‘yintirilgan hujayralarni zararlay olmaydi, kasallik boshqa hujayralarga o‘tmaydi. Natijada, zararlangan hujayra nobud bo‘ladi. Shu orqali millionlab insonlarning hayoti yana davom etadi.
Tajribani oxiriga yetkazish va uni mukammallashtirish uchun 2-3 yil kerak bo‘ladi. Shu bilan birga olimlar OIV-1 mutatsiyalanishi ham mumkinligi haqida ogohlantirishmoqda. Bu esa yaratilajak vaksina, dori vositalari OITSning organizmda rivojlanishiga imkon qoldirmaydigan daradaja kuchli bo‘lishi kerak deganidir. U har qanday insonga, uning genlari va boshqa individual o‘ziga xosliklaridan qat’i nazar yordam bera olishi shart.