Shu yilning 7 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda kartoshkaning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 1,8 barobar yuqori bo‘lgan. Oxirgi ikki haftada ushbu mahsulotning o‘rtacha ulgurji narxi 2,3 barobarga tushdi. Bunday keskin pasayish natijasida joriy ulgurji narxlar o‘tgan yilning xuddi shu davridagi ko‘rsatkichlarga tenglashgan. Bu haqda “East Fruit” xabar berdi.
Nashrning narxlar monitoringiga ko‘ra, 2023 yil 7 apreldan 21 aprelga qadar yangi hosil kartoshkasining o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 16 000 dan 7 000 so‘mgacha, ya’ni ikki hafta ichida 2 barobardan ziyod pasaygan. Bu o‘z navbatida tahlil etilayotgan davrda O‘zbekiston ichki bozorida ushbu mahsulot bo‘yicha taklif keskin oshganini bildiradi.
“Shu bilan birga, yangi kartoshka bo‘yicha taklif keskin oshishi, ushbu mahsulot narxi keskin pasayishi va natijada o‘tgan yilgi kartoshkaning ulgurji narxlari bilan farq qisqarishi o‘tgan yilgi kartoshka narxiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda”, deyilgan xabarda.
Natijada o‘tgan hafta o‘tgan yilgi kartoshkaning ulgurji narxlari ham keskin pasayib, 2023 yil 14 apreldan 21 aprelga qadar ushbu mahsulotning o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 4000 dan 3000 so‘mga, ya’ni bir hafta ichida 25 foizga pasaygan. 2023 yil 21 aprel holatiga ko‘ra, o‘tgan yilgi kartoshkaning o‘rtacha ulgurji narxi o‘tgan yilning shu sanasiga nisbatan 25 foizga past bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, “East Fruit” O‘zbekistonda yangi va o‘tgan yilgi piyoz turining narxi pasayib ketgani haqida xabar bergan edi.