O‘zbekistonda yana havo sovib ketishi ma’lum qilindi
Joriy yilning 23-27 yanvar kunlari O‘zbekistonning shimoliy hududlariga nisbatan sovuq havo massasi kirib kelishi aytildi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi Matbuot kotibi Munisa Asilxo‘jayeva QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha havo harorati joylarda kechasi 5-18 darajagacha sovishi prognoz qilinmoqda. Hafta davomida Respublikaning tog‘li va tog‘ oldi hududlarida qor yog‘ishi ehtimoli bor. Sovuq havo massasi hafta yakunigacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 yanvar kuni Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida mamlakatda davom etayotgan anomal sovuq havo sharoitida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Yig‘ilishda kutilayotgan sovuq ob-havoga tayyorgarlik ko‘rish va undan kamchiliklarsiz chiqib olish uchun mutasaddilarga bir necha topshiriqlar yuklatildi.