O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi qariyb 2810 so‘mga yetdi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2015 yilning 29 dekabridan boshlab valyuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlari uchun xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatini belgiladi.
Unga ko‘ra, 1 AQSh dollari bir hafta oldingi kursga nisbatan roppa rosa 15 so‘mga qimmatlashib, qiymati 2 809 so‘m 98 tiyinni tashkil qilmoqda. 1 Yevro 11 so‘m 53 tiyinga qimmatlashib 3 074 so‘m 19 tiyinni tashkil qilib turibdi.
Bu haftada Rossiya rublining so‘mga nisbatan qiymati kichik miqdorda o‘sdi. Yangi kursga ko‘ra, 1 Rossiya rubli 80 tiyinga qimmatlashib, 39 so‘m 99 tiyin qiymatga ega bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, valyuta qiymatini belgilash chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mazkur valyutalarni ushbu qiymatda sotish yoki sotib olish majburiyatini olmagan.