O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi 2765 so‘mdan oshdi
O‘zbekiston Markaziy banki 2015-yil 10-dekabrdan boshlab valyuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlari uchun xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan yangi qiymatlarini belgiladi.
Unga ko‘ra, 1 AQSh dollari 2765 so‘m 20 tiyin etib belgilandi. Bu 1-dekabrdagi kursga nisbatan 14 so‘m 77 tiyinga ko‘p.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi ketma-ket o‘n haftadan beri kamida 14 so‘mga qimmatlamoqda. Bungacha kurs 4—6 so‘m atrofida yuqorilab borayotgan edi.
10-dekabrdan e’tiboran 1 yevro qiymati 2973 so‘m 50 tiyin (1-dekabrdagi kursga nisbatan 45 so‘m 62 tiyin qimmat — ketma-ket olti haftalik pasayishdan so‘ng, Yevroittifoq valyutasining so‘mga nisbatan kursi birinchi marta o‘sdi), 1 Rossiya rubli esa 39 so‘m 90 tiyin (1-dekabrdagi kursga nisbatan 1 so‘m 62 tiyin arzon) etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, valyuta qiymatini belgilash chog‘ida Markaziy bank mazkur valyutalarni ushbu qiymatda sotish yoki sotib olish majburiyatini olmagan.