Bugun yurtimizning eng nomdor radiolaridan biri hisoblangan
«O’zbegim taronasi» radiosi o’zining 13 yoshini nishonlamoqda. Ushbu tavallud
kun munosabati bilan «O’zbegim taronasi» radiosiga juda ko’plab yulduzlarimiz
birin-ketin o’z tabriklari bilan tashrif buyurishmoqda.
Muborakbod etish uchun biz ham tashrif buyurdik va biz
tashrif buyurgan vaqtda studiyada boshlovchilar Dilmurod G’ulomov hamda
Tursunoy Alimova efirni boshlash taraddudini ko’rishayotgan edi. Efir mehmoni
esa Dilshodbek Kattabekov edi. Dilshodga biz ham mehmon sifatida qo’shildik.
Suhbat qanday o’tganligini radioni tinglagan ko’plab muxlislar guvohiga
aylanishdi. Darhaqiqat, radio hodimlarining kayfiyatlari chog’, haqiqiy
bayramona kayfiyat hukm surar edi. Turli aksiyalar tashkil etilgan holda
«O’zbegim taronasi» radiosi muxlislariga bir qator hamkorlar tomonidan taqdim
etilayotgan sovg’alar ulashildi. Zavqli radioning bir guruh ijodkorlari esa
shahrimiz bo’ylab turli joylardan maxsus reportajlar va o’yinlar o’ynab jonli
efirga chiqishdi. Xullas, haqiqiy bayramona kayfiyat nafaqat «O’zbegim»chilarda
edi, balki ularni tinglagan har bir muxlis uchun ham bayramdek o’tdi bu kun. 1
soatlik efirda bevosita ishtirok etib, barchani muborakbod etganimizdan so’ng
asta ortga qaytdik. Qaytayotganimizda yo’lda aksiyani o’tkazib kelayotgan Dj
Mix, Sabina va bir guruh boshqa ijodkorlarga duch keldik. Esdalik uchun ular
bilan ham fotosuratga tushdik. Quyida barcha fotosuratlarni siz azizlarga
taqdim etmoqdamiz.
Shu o’rinda «O’zbegim taronasi» radiosi ijodiy jamoasini
yana bir bor ushbu quvonchli kun bilan tabriklab qolamiz. Ularga omad va baxt
tilagan holda kelajakda ham birinchi raqamli radio bo’lib qolishlariga
tilakdoshmiz. Zavqli radioni doimo tinglab boring, aziz muxlislar!!!