O'zbekistonda 1 sentyabrdan ish haqi 10 foizga oshadi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2015 yilning 26 avgust kuni «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to'g'risida»gi Farmonga imzo chekdi. Farmon matni O'zAda e'lon qilingan.
Farmonga ko'ra, joriy yilning 1 sentyabridan byudjet tashkilotlari xodimlarining maoshi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori o'rta hisobda 1,1 baravarga (10 foiz) oshadi. Jumladan, 1 sentyabrdan boshlab, eng kam ish haqi oyiga 130 240 so'm, yoshga doir pensiyalar va bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqalar miqdori oyiga kamida 254 730 so'm, zarur ish stajiga ega bo'lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga eng kamida 156 310 so'mni tashkil etadi. Eslatib o'tamiz, O'zbekistonda oylik va nafaqalar so'nggi marotaba 2014 yil 15 dekabridan 1,1 baravarga oshirilgan edi.