Nyu-Yorkda o'zbek hujjatli filmlari namoyish etildi
Nyu-York shahrida joylashgan AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari Kongressi markazida “Toshkent - televideniya vatani” va “Agar sen haq bo'lsang” hujjatli filmlari hamda O'zbekistonda chop etiladigan “O'zbekiston san'ati” jurnalining taqdimotlari bo'lib o'tdi.
“Jahon” AA xabar berishicha, tadbirda AQSh telekompaniya, OAV va bosma nashrlari, shuningdek, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar. Taqdimot chog'ida ijtimoiy yo'naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega bo'lgan huquqiy demokratik davlat barpo qilishda mamlakatimiz qo'lga kiritgan muvafaqqiyatlar, milliy televideniyamiz yutuqlari, shuningdek, milliy san'at va madaniyatni rivojlantirish va qo'llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish haqidagi batafsil malumot ishtirokchilar e'tiboriga havola qilindi. Tadbirda so'zga chiqqanlar mamlakatimiz tarixan qisqa davr ichida salmoqli yutuqlarga erishganini ta'kidlab o'tishdi.
Shuningdek, O'zbekistonning boy tarixiy merosi va zamonaviy sayyohlik sanoati haqida ma'lumot beruvchi turli axborot materiallari va broshyuralar taqdimot ishtirokchilari va mehmonlar orasida tarqatilgan.