Toshkent davlat texnika universitetining Nukus filiali tashkil etiladi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi e’lon qilindi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Qoraqalpog‘iston respublikasi Vazirlar Kengashining Nukus shahrida Toshkent davlat texnika universitetining Nukus filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Qayd etilishicha, filial Toshkent davlat texnika universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisob varaqlariga ega bo‘ladi.
Quyidagilar filialning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
konchilik ishi, konchilik elektr mexanikasi, elektr energetikasi, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishlarni avtomatlashtirish va boshqarish, mashinasozlik texnologiyasi va mashinasozlik ishlab chiqarishini avtomatlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;
talabalar amaliyotini Tebinbuloq kon negizidagi kon-metallurgiya kompleksida tashkil etish va ularga ishlash imkoniyatini yaratish;
xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan, jumladan, kon-metallurgiya sohasida Rossiya Federatsiyasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida malakali kadrlar tayyorlash;
kon-metallurgiya sohasining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, korxonalarning muammolarini hal etishga qaratilgan innovatsion tadqiqotlarni faol rivojlantirish;
o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida ishlab chiqarish va qayta ishlash sohalaridagi respublika va xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish;
respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish;
Filialning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida chet el fuqarolari uchun ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish va ilg‘or xalqaro tajribani tatbiq qilish;
vebinar ta’lim usullarini joriy etish va rivojlantirish.
Belgilanishicha, filialda o‘quv jarayoni 2020/2021-o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Quyidagilar filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Belgilab qo‘yilishicha:
Filialni saqlash xarajatlari 2020-yilda “Maorif” sohasi bo‘yicha tasdiqlangan budjet parametrlari doirasida, 2021-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi;
Filialning boshlang‘ich faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida unga ajratilgan bino va inshootlarni joriy ta’mirlash va jihozlash (mebel, kompyuter texnikasi, o‘quv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalarini xarid qilish) ishlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qoplanadi.