Nazarbekov Perfuctum mobile reklamasida (Ko'zlari kosasidan chuqurdek)
Ozodbekning shuhrati kompaniyalar reklamasi uchun ham juda asqotayapti. Bundan 10 yillar oldin u shu qadar “reklamatalab” qiyofa bo‘lishini tasavvur ham qilmagan bo‘lsa kerak. Bugun Nazarbekov mashhurligi unga har tomonlama moliyaviy foyda ham olib kelmoqda. Albomlar, yakkaxon konsertlar, gastrollar... endi reklamalar ham! Xonanda kiyim-kechaklar va atirlar brendini ham yo‘lga qo‘ysa, jahon yulduzlari talablariga to‘liq javob beradi.
Xonanda yaqin yillarda ikkita yirik reklamada bosh “qahramon”ga aylandi. Dilnoza Kubayeva bilan er-xotin obrazida bir sharbatni reklama qilgach, mashhurlarning surati tushirilgan taqvimlar ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorlarning bozorini olchi qildi. Shundan so‘ng zab gap bolaladi: Kubayeva Nazarbekovning navbatdagi “xotin”i(mikan)!? Mish-mishlar tingach, u yana bir yangi reklamada paydo bo‘ldi. Bu gal xonanda ommaga darmondorilarni tavsiya etdi! Reklama yulduzining o‘zi o‘sha sharbat va darmondorilardan foydalanishi esa mavhumligacha qolmoqda.
Shu kunlarda esa Ozodbek “Perfektum mobayl”ning yuzi! Xalq artistining reklama uchun tanlangan fotosurati esa ko‘pchilikning e’tiborini tortganiga shubha yo‘q. Uning antiqa mimikasi hadiksiratib ham qo‘yadi. Balki, shunday e’tibor tortishi uchun ham kutilmagan mimikadagi fotosurat tanlangandir?! Deyarli kompyuter dasturlari orqali “yashartirilmagan” va ajinlardan tozalanmagan yuz qiyofasi mobil kompaniyasi kutgan natijani beradi yo yo‘q buni vaqt ko‘rsatadi. Hozircha, “ikkilantiruvchi” xulosa bor: Ozodbekning ko‘zi kosasidan chiqqudek qilib ko‘rsatilishi - unga gonorar to‘lanayotgan mahalda qo‘yilgan talab yo yirik aloqa operatorining yangiligi shu qadar hayratlantiruvchi!
Xullas, ana shunaqa gaplar!