Loyihaning galdagi mehmoni o`ziga xos uslubdagi kliplari bilan tilga tushgan klipmeyker Narimon SULTONXO`JAEV...
— Ikki toifa rejissyorlar bor: biri aktyorlar ular uchun ishlashini, ikkinchisi aktyor ular bilan birga ishlashini istashadi. Siz qaysi toifaga mansubsiz?
— Aktyorlar bilan birga, hamfikrlikda ishlashni yaxshi ko`raman. O`zbekiston xalq artisti Yodgor Sa`diev bilan ishlash orzuim.
— O`z vaqtida talabgir bo`lgan Narimon bugun “kliplari bachkana”, degan ta`rifga ham ega bo`ldi. G`oyalar “inqirozi” davridamisiz?
— Yo`q, g`oyalarim bisyor. Ko`pchilikning tushunchasida komediya, bu — bachkanalik. Lekin shunday fikrdagilar kliplarimni ko`rib maza qiladi. Masalan, xonanda Sardor Rahimxonning “Nima uchun?” qo`shig`iga ishlangan klipni ham bachkana, deyishgan. Shu klip 2011 yilda “Yilning eng yaxshi klipi” nominasiyasida g`olib bo`lgan. O`zbekiston xalq artisti Mahmud Nomozovning “Ko`za”sini ham bachkana, deyishgan. Ochig`i, bunday fikrlarga bee`tiborman. Salbiy fikrdagilarni chetga surib qo`yib, ijodingni yoqtiradiganlar uchun ishlashda davom etish kerak. Hammaga birdek yoqib bo`lmaydi.
— “Duch kelgan narsani xalqqa olib chiqaverishni o`zimga ep ko`rmayman”, deydigan Narimon xonanda Manzuraning “Bo`ldi” klipi bilan tomoshabinga nima demoqchi bo`ldi?
— Qo`shiq bastakori Zafar klipni shunday ko`rayotganini aytgandi. G`oyasi yoqdi va uni rivojlantirdim. Klip orqali er-xotin qanday holatga tushib qolmasin, vaziyatdan birgalikda chiqishi lozimligini ko`rsatib berganman. Fikrini ochiq aytadigan qo`shnilarim, hatto anchadan buyon gaplashmagan tanishlarim ham qo`ng`iroq qilib maqtashdi.
— Hech o`ylab ko`rganmisiz, nega O`zbekiston xalq artistlari Farrux Zokirov, Nasiba Abdullaeva, Yulduz Usmonova, Ozodbek Nazarbekov sizga klip suratga oldirishmaydi?
— Ozodbek Nazarbekov uch yil avval yordamchisi orqali shoshilinch klip suratga olish kerakligini ayttirgandi, vaqtim bo`lmagan. Hammalari menga klip suratga oldirgisi keladi, lekin gap mablag`ga borib taqaladi. Rosti, ustoz san`atkorlarga katta mablag` aytaman. Chunki ular zo`r klip chiqishini istashadi, bunga esa tabiiyki, ko`p mablag` ketadi. Ular “kel, klip suratga olamiz”, desa, yugurib borish kerak. Kechirasiz-u, boshqalarga qilgan lafzim, rejalarim bor, bularni chetga surib qo`yolmayman, axir. Qisqasi, bir-birimizga vaqtimiz to`g`ri kelmagan. O`n yil avval O`zbekiston xalq artisti Sherali Jo`raevning qo`shig`iga klip suratga olganman. Bunisiga nima deysiz? Shuncha vaqtdan keyin mana yaqindagina bitta klip suratga oldirdi.
— O`n yildan keyin olingan o`sha klipni nega sizga suratga oldirmadi?
— Balki o`shanda ishim ko`nglidagidek chiqmagandir, yana kim bilsin. Ochig`i, bilmadim... Salom-aligimiz muntazam davom etganida, balki uzoq tanaffusdan keyingi klipini ham menga ishonarmidi?! Bilasizmi, kamdan-kam hollarda biror ijodkorni qidirib, topib, hamkorlik qilinadi. Odatda doimiy muloqotda bo`ladigan ijodkorlar bilan ishlashadi.
— Narimon Sultonxo`jaev suratga olgan eng yomon va eng zo`r klip?
— O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Ulug`bek Rahmatullaevning “Bemor”i eng zo`r klipim. Bu ijodim meni ham san`atkorlarga, ham xalqqa tanitgan. Eng yomon klipim yo`q, bo`lmasin ham.
— Mahorati sizdan ustun bo`lgan klipmeykerlarni sanab bering!
— Hamma klipmeykerning ijodida zo`r kliplar bir-bir chiqib turadi. Bilasizmi, maqtov ijodkorni dangasa qilib qo`yadi. Shu bois hamkasblarimning ustun jihatini sanamayman. Rejissyor va klipmeykerlar birlashib, kino, kliplar orqali O`zbekistonni dunyo sahnalariga olib chiqsak, degan niyatim bor. Buning uchun hamkasblarim o`zidagi “men”ini sindirib, birlashib, rejissyor va klipmeykerlar assosiasiyasini tashkil qilishimiz kerak.
— “O`zbek filmlarini ko`rolmayman. Ularning maqsadi pul ishlash bo`lib qolgan. Aslida kino suratga olish imorat qurgan bilan barobar”, degandingiz. Filmga qo`l urishingizdan maqsadingiz mablag` ishlash emasmi?
— Maqsadim — mablag` ishlash, lekin oliy istagim — jahon talablariga javob bera oladigan film qilish. Hech bo`lmasa, qo`shni davlatlarda ham namoyish etilsin. Ayrimlarga o`xshab, o`n besh kunda film suratga olayotganim yo`q. Masalan, kinokartinamning besh daqiqali sahnasini to`rt kun tasvirga oldim. Sifati past kinokartinalarni ko`rib, ijodiy didimni yo`qotib qo`yishni istamayman. Rejissyor oldiga “Filmim faqat O`zbekistonda emas, jahonda ham namoyish etiladi”, deya katta maqsad qo`yishi kerak, shundagina natija bo`ladi.
— Videomurojaat orqali “Qaerda ishlashingiz, yoshingiz, sochingizning rangi va boshqa jihatlar umuman ahamiyatga ega emas. Asosiysi, ko`zingiz chaqnagan va yuragingizda olov bo`lsin”, deya barchani kinosinovga taklif qildingiz. Ochig`i, qurayotgan “imorat”ingiz mustahkamligiga shubham bor. Shunday filmlar ko`payaversa, demak, aktyorlikka o`qib, yillab tajriba orttirgan ijodkorlar umrini zoe ketkazibdida-a? Qolaversa, O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutining talabalari ham bor-ku?!
— Shuncha yil o`qigan, deb faqat professionallarni chaqirishim kerakmi? Istagim yangi qiyofalarni kashf etish, bu sohada o`qimagan iste`dodlar ko`p-ku?! O`zini ayamaydigan, murakkab tryuklar bajaradigan professional aktyorlarni sanab bering, sanoqli-ku. Shuning uchun ham hamma uchun kinosinov e`lon qildim.
Rustam Sa`diev, rejissyor
— Narimon, iqtidorli ijodkorsiz. Lekin aktyor sifatida hamma klipda bir xil ko`rinishdasiz. Agar bu borada ham topilmalar bo`lganida Narimon Sultonxo`jaev tomoshabinning me`dasiga tegmasdi. O`zingizni dramatik rolda qanday tasavvur qilasiz?
— Boshqa janrda menga yoqadigan ko`ngildagidek taklif bo`lmadi va hali o`zimga ham bunday g`oya kelmadi. Agar zo`r taklif bo`lsa, qo`rqmay tavakkal qila olaman. Rustam aka, o`zingiz meni boshqa janrdagi rolga taklif eting, jon, deb ijro etaman.