Nafosatli xonanda Lola Ahmedova “Jonim” taronasi bilan
“O‘zbegim taronasi” radiosining premera loyixasida bu safar xushovoz va nafosatli xonanda Lola Ahmedova bo‘ldi. Xonandaning navbatdagi yangi ijod mahsuli tinglovchilarga ilk bor fm 101 to‘lqini orqali taqdim etildi.
“Jonim” deb nom olgan tarona muhabbat hissiyotlarini yodga soluvchi va dilga yaqin qo‘shiq bo‘lib, asosan yoshlarbop yo‘nalishda tayyorlangan ekan.
Lola Ahmedova:
- Bu taronani menga Farruh Sohib tinglab ko‘rishni taklif etganlarida, avvaliga bu qo‘shiqni kuylayman, deb o‘ylamagandim. So‘zlari ham musiqasi ham juda sodda va oddiy tuyulgandi. Doim qo‘shiq yaratishda avji kuchli bo‘lishiga, murakkabligiga e’tibor qaratardim. Bu qo‘shiqning avji umuman yo‘q edi. Lekin, zamonaviy yoshlar tinglayotgan musiqalarga ham diqqatni qaratish kerakligini tushundim va yengil, kayfiyatni ko‘taruvchi taronalarni ham repertuarimga qo‘shish kerakligini angladim.
“Jonim” qo‘shig‘ining so‘zlari va musiqa muallifi yosh ijodkor Farruh Sohibdir. Musiqiy sayqalni esa Jasur Badalboyev bajargan.
Estradamizda o‘ziga xos ovozi, qo‘shiqlari va kliplari orqali muxlislar dilidan joy olgan Lola Ahmedova ijodida yangiliklar bisyor. Navbatdagi tarona ham o‘z muxlislarini topadi va qisqa fursatda ommalashadi, deya niyat bildiramiz.
Kelgusi yilning kuz oylarida Lola hamda Shahlo Ahmedova birgalikda katta konsert dasturi namoyish etish niyatida ekanliklari haqida aytib o‘tgandik. Bu haqda batafsil ma’lumotlarni saytimiz orqali kuzatib boring.