Kecha xonanda Munisa Rizayeva va Shahzod Murodovlarning ilk ijodiy hamkorligi sanalmish “O‘jar” nomli duet qo‘shiqqa klip suratga olindi.
Xonanda Shahzod Murodov ijodini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da ancha yillik tajribaga ega san’atkor Munisa Rizayeva bilan birdaniga duet kuylashi ko‘plab savollarga sabab bo‘lgani tabiiy albatta.
“MY5” telekanalining “Mening yurtim – mening faxrim” loyihasida Munisa Rizayeva bilan tanishib qolgan Shahzod Murodov Rizayevaga duet kuylash taklifini bildirdi. Klipda o‘jar qiz sifatida namoyon bo‘layotgan Munisa Shahzod bilan duet kuylashga o‘jarlik qilmay, bu taklifni jon deb qabul qildi.
Ikki kun davom etgan tasvirga olish ishlarida bosh rollarni ham Munisa va Shahzodning o‘zi ijro etishdi. Klip rejissyori esa Munisaning doimiy hamkori Sanjar Matkarimov. Komediya janrida suratga olingan mazkur klip iyul oyida tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.