"Darakchi" gazetasining "Uchrashuv" loyihasi mehmoni tabiatan berilgan xushchaqchaq, sho‘x-shaddod va kirishimliligini ijodida ham aks ettira olgan xonanda Munisa RIZAYEVA...
— Munisa, “Istiqlol” san’at saroyida ijodiy kechangizni taqdim etish arafasidasiz, tayyorgarlik jarayonida biror-bir kamchiliklarga duch kelmayapsizmi?
— Shou-biznesda kamchiliklarimiz juda ko‘p. Birinchi galda texnika sabab jonli ijrolarni amalga oshirolmasligimiz. “Istiqlol” san’at saroyini talabga javob beradigan texnika bilan ta’minlashlarini judayam istaymiz. Shundagina bari jonli ijroda bo‘ladi. Noyabrning so‘nggi uch kunida jonli ijrodagi konsert dasturimni taqdim etaman, lekin “Istiqlol”dagi texnika bilan qanday ishlayman, nima bo‘larkin?” degan savollar tinchlik bermayapti.
— Yaqinda turkiyalik mashhur xonanda Rafet el Roman dekoratsiyasiz va hech qanday tayyorgarliksiz oltita sozanda bilan “Istiqlol” san’at saroyi sahnasida jonli ijroda konsert berish mumkinligini isbotladi...
— Xorijlik san’atkorlar o‘zining texnikasi bilan keladi, yuqori saviyadagi jonli ijroning sababi shu. Rafet el Romanning hech bo‘lmaganda o‘zining ovoz rejissyori yonida bo‘lgan. Bizda esa rahbariyat vakolati doirasidagi ishga mas’uliyat bilan qaramagani, fonogrammaga o‘rganib qolgani uchun ham kaltak xonandalarning boshida sinadi. Xonandalarning o‘zini to‘yga urishi, o‘z ustida ishlamay to‘ybop qo‘shiqlar yozishi va shu orqali pul topishni maqsad qilgani boisi ham shunda. Tan olaman, san’atkorlarning "non" topishi to‘ylar orqali bo‘lib qolgan. Yaqinda iste’dodli yoshlarni yig‘ib, uch soat davomida yangi loyiha ustida suhbatlashdik. Aniqrog‘i, “App story” dasturida “web” va mobil dasturlarni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Shunda hamkasblarim o‘z qo‘shiq va kliplarini muxlislarga faqatgina shu dastur orqali taqdim etadi. Boisi dasturga joylangan ijod namunalarini yuklash pulli va xonandalar shu orqali mo‘may daromad topadi. Bu esa to‘y uchun yengil qo‘shiqlar qilmaslik hamda xalq xizmatlariga bo‘lgan qaramlikdan chiqishga zamin bo‘ladi.
— Muxlislar xonandalar to‘ylarga qimmat narx evaziga borishidan norozi. Kamiga endi qo‘shiq va kliplarni ham pul evaziga yuklab olish haqida gapiryapsiz. Pul yana birinchi o‘ringa chiqib qolyapti-ku?
— To‘y narxi masalasiga kelsak, Munisa Rizayeva to‘ylarga olti yuz dollar evaziga boradi va undan bir yuz ellik dollargina o‘ziga qoladi. Jamoamda o‘n kishi ishlaydi, ularning xizmat haqi bor. Qo‘shiq yozilgunicha, klip efirga ketgunicha kadr ortida qoladigan qanchadan-qancha xarajatlar bor. Olti yil ichida aqalli bitta uy sotib ololmadim. “San’atkorga har kuni bayram”, deb o‘ylashadi. Yo‘q, sutkalab uxlamaymiz. Bilasizmi, olti yildan beri shaxsiy hayotimni chetga surib qo‘yganman. “Umr yo‘ldoshlikka munosib insonmikan?” deb birov bilan gaplashib ko‘rish, oila qurishga vaqtim yo‘q. Shaxsiy hayotim yo‘lga qo‘yilmaganidan afsuslanaman. Alam va ko‘zyoshlarim tunlari jiqqa ho‘l yostig‘im bilan qoladi, muxlislar esa sahnada kulib turgan Munisani ko‘rishadi. Lekin san’at yo‘lini o‘zim tanlaganman, chidashga majburman. Bilasizmi, bugun xonanda va muxlis o‘rtasida chegara yo‘qolgan. Shu bois muxlislar san’atkorni ko‘rganida orzusi ushalgandek quvonmaydi, bizga talpinmaydi, chunki san’atkorlarni har kuni ko‘radi. Masalan, Munisa Rizayevaga olti yuz dollar pul to‘lasa, to‘yiga kelishini biladi. Agar loyihamni yo‘lga qo‘ysam, san’atkorlar to‘ydan topadigan pulga qarab qolmaydi. Chet elda mashhur xonandani ko‘rish, bu — chinakam baxt, biz ham shu darajaga chiqishimizni istayman. Shundagina xonanda son emas, sifatga ishlaydi.
— Qo‘shiq va kliplarni yuklab olish arzon bo‘lmasa kerak?
— Hali aniq narx belgilanmadi. Taxminan har bir qo‘shiq va klipni yuklash ikki yuz so‘mdan bo‘ladi. Har bir xonandani millionlab muxlislari bor, qancha pul ishlashimizni hisoblayvering. Bilasizmi, bugun istagan kishi katta mablag‘ bilan xonanda bo‘lishi mumkin, sanoqlilarigina san’atkor darajasiga yeta oladi.
— Munisa Rizayeva san’atkormi?
— Savolingizga aniq javob berolmayman. Lekin soham bo‘yicha oliy ma’lumotim bor, iqtidorimdan qanday foydalanishni bilaman, iste’dodliligimga ham ishonaman. Bordi-yu sanab o‘tganlarimga ega bo‘lmaganimda, xalqning oldiga chiqib, aslo o‘zimni o‘zim sharmanda qilmasdim. San’atga endi qadam qo‘yganimda onamga “qo‘shig‘imni xalq qabul qilmasa, ularni jig‘iga tegmayman, san’at ostonasiga qaytib yo‘lamayman”, deganman. Bugungi kunda tinimsiz pul tikilayotgan, lekin hech kimga nafi tegmaydigan, boshi tanqiddan chiqmaydigan “xonandalar” yetarlicha. Meni ham yoqtirmaydiganlar ko‘pligini bilaman.
— Sabab?!
— Yoqtirishmaydi, tamom. Kliplarimni efirga berilmasligi, qo‘shiqlarimni radiolarda aylanmasligini istashadi. Ularni muhokama qilishga haqqim yo‘q. Lekin aslida har bir qo‘shig‘imning tagida chuqur falsafa bor. Ijodimga boshqa rakursdan qarab ko‘rishsa, maqsadimni anglashadi. Masalan, “Xafa-xafa” qo‘shig‘imni klipi bilan taqdim qilganim bejiz emas. Bugungi kunda oiladagi tushunmovchiliklar sabab ajrashishlar shu qadar ko‘pki, vahimaga tushadi kishi. Bu narsalar oila buzilishiga sabab bo‘lmasligi kerak. Ota-onam ham ajrashishgan, farzandning to‘laqonli oilada yashamasligi nima ekanini yaxshi bilaman... Xudo xohlasa, turmushga chiqsam, to‘laqonli oilam bo‘lishini istayman, farzandlarim otasiz ulg‘ayishi yoki o‘gay otasi bo‘lishini istamayman. Oila – muqaddas! Oila oldida er-xotinning mas’uliyat va javobgarligi bor, buni unutmaslik kerak. Qo‘shiq va klipimdagi shu falsafani hech kim o‘ylab ham ko‘rmadi.
— “Bu mavzuni muxlislarga qo‘shiq va klipda yetkazib berishda xatolikka yo‘l qo‘ymadimmikan?” degan savolni hech o‘zingizga berdingizmi?
— Klip so‘nggida ruhshunos er-xotinga qarata “Siz eng baxtli oilasiz!” deydi. Shu gapning o‘zida hamma fikr aytilgan-ku! Gap shundaki, bu muammoli mavzuni kayfiyatbop qilib, qog‘ozga o‘rab taqdim qilganmiz.
— Munisa, nega sizni katta bayramlarda ko‘rmaymiz?
— Kimlargadir yoqmasam kerak. Yo‘qsa, har bir bayram repetisiyasida borman. Lekin ko‘pincha oxirgi kuni dastur ro‘yxatidan o‘chirishadi.
— Ijodni puldan ustun qo‘yadigan Munisa Rizayevaning ma’naviyatga xizmat qiladigan qo‘shiqlarini sanab bering.
— “Vatan”, “Ota-ona”. Siz nazarda tutgan qo‘shiqni esa endi kuylayman.
— Olti yuzta qo‘shiq kuylagan bo‘lsangiz, vaqtingizni zoe ketkazibsiz-da?
— Hamkasblarimdan yo‘nalishim bilan ajralib turaman. Munisa Rizayeva, desa ko‘pchilikning yuziga tabassum yuguradi. Maqsadim ham hazilomuz qo‘shiq va kliplarim bilan yaxshi kayfiyat ulashish. Bolaligimdan atrofdagilarimga xursandchilik ulashuvchi qizman. O‘sha vaqtdan beri “Mehribonlik uy”laridagi bolalarga, “Qariyalar uylari”dagi keksalarga homiylik qilib kelaman. 25 yoshimda menga mashhurlik nasib qildi, meni yaxshi ko‘rishadi. Aslida ham sevimli bo‘lib, odamlarning yuragida bo‘lish orzuim edi. Bordi-yu yo‘nalishimni o‘zgartirsam, Munisa Rizayevaning o‘zligi qolmaydi.
— "Sekin-asta" qo‘shig‘ingiz qozoq tilida, "Ubegi" qo‘shig‘ingiz esa kavkazcha "Ubegay" deya kuylandi. O‘zingiz hech “plagiatlikka” qo‘l urganmisiz?
— Qo‘shiqlarimni o‘g‘irlab kuylashganidan ranjidim. Intellektual mulk agentligiga murojaat qilish haqida o‘ylab turgandim. Plagiatlikka qo‘l urganlar ayyorlik qilib, “Munisa Rizayevaning qo‘shiqlari “cover” uslubida kuylandi”, deya e’lon qilishdi. Endi ular bilan sudlashishga haqqim yo‘q. O‘zim esa sira “plagiatlikka” qo‘l urgan emasman.
— “Xafa-xafa” qo‘shig‘ingizga ishlangan klip g‘oyasi Aleksey Vorobevning “Sumasshedshaya” qo‘shig‘i klipi bilan o‘xshashligini qanday izohlaysiz?
— Bu plagiatlik emas! Men, Jamshid Hojiniyozov, Davron Kabulov har bir syujetni o‘zimiz o‘ylab topganmiz. Klip efirga uzatilgach, “Aleksey Vorobevning “Sumasshedshaya” klipidan olingan”, degan gap chiqdi. Vaholanki, biz u klipni ko‘rganimiz yo‘q, syujet qanday yaralganini bilganim uchun gap-so‘zlardan keyin ham u klipni ko‘rmadim. Menga alam qilgani — uch kunlab o‘tirib syujet topib, tuhmatga qolganimiz bo‘ldi. San’atkor xalqning dunyoqarashini salbiy tomonga o‘zgartiradigan ishlar qilmasligi kerak. Masalan, “Sakramento” qo‘shig‘im muhokamalarga sabab bo‘ldi, endi to‘ylarda kuylamayapman. “O‘zbekkonsert” konsert repertuarimdan ham oldirib tashladi, “xo‘p bo‘ladi!” dedim. Qaysidir qo‘shig‘im yoqmadimi, kuylamayman, odamlarning asabiga tegib nima qilaman?
— Bugun klipmeykerlar dangasami yo professional shoir bilan hamkorlik qilmayotgan xonandalardan o‘rnak olishyaptimi?
— Bir vaqtning o‘zida sanoqsiz xonandaga klip ishlash vazifasini zimmasiga olib, "beshta barmog‘ini barobar og‘ziga soladigan" bo‘lib qolishgan. Nazarimda, hali pulning “maza”sini tushunmagan yosh iste’dodlar bilan ishlagan ma’qul. Qo‘shiqda asosiy omillardan biri, bu — yodda qoladigan so‘zlar. Professional shoirlarimiz asar emas, qo‘shiqning qonun-qoidasiga mos she’r yozib berishsin. Ishonasizmi, otam “dardim o‘zimga yetarli, dardli qo‘shiqlarni eshittirma!” deydi. Haqiqatda muxlislarga u qo‘shiqni tinglab, u haqda o‘ylab, yuragiga ortiqcha yuk olishdan nima naf? Instagramda Myanmadagi ayanchi holatlardan rasmlar joylab, izohlar yozishdi. Ishonsangiz, o‘shandan buyon instagramga kirmayapman, u dahshatlarga qarolmayman.
— Oktabr oyidagi uch kunlik konsertingiz nimasi bilan ikki yillik tanaffusni oqlay oladi?
— Jonli ijrosi, faqat “xit”lar va juda ko‘p yangi qo‘shiqlardan iboratliligi bilan. Duetdoshim esa muxlislar uchun yangilik bo‘ladi.
— Jonli ijroda kuylash qahramonlik emas, bu xonandaning kasbiy vazifasi!
— To‘g‘ri!
— To‘ylarda jonli ijroda kuylay oladigan Munisa Rizayeva nega shu vaqtgacha jonli ijroda konsert berolmadi? “Yomon raqqosga sahna torlik qiladi”, degan maqolni eshitganmisiz?
— “Istiqlol” san’at saroyining texnikasini talab darajasida qilib berishsin! Xorijliklar singari o‘zim uch million dollarga texnika sotib oladigan yoki yetmish ming dollarga ijaraga olish uchun mablag‘im yo‘q. Shundoq ham hozir konsertdan bir so‘m foyda topmayman, zararga kirishim ham ehtimoldan xoli emas.
Shuni alohida ta’kidlamoqchiman, bu yilgi konsertimda jonli ijro etib bo‘lmaydigan ba’zi “bek-trek” musiqalarni fonogrammada qo‘yamiz, qolgan bari jonli ijroda bo‘ladi. Biroq bu holatda ham konsert banerida “fonogrammadan foydalaniladi”, deb yozish kerak ekan. Muxlislar “yana fonogrammadagi konsert berarkan”, deb o‘ylashmasin, deya aytyapman.
— Nega O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkonsert” Davlat muassasasidan kamchiliklarni barataraf qilishlarini so‘ramaysizlar?
— Ancha yillardan beri barcha san’atkorlar “Istiqlol” san’at saroyining texnikasini jonli ijroda konsert berish uchun yangilab bering”, murojaat qilib kelyapmiz, natija yo‘q. Oxirgi choramiz qoldi, Prezidentga murojaat qilish, shunda natija bo‘lishiga yuz foiz ishonaman!
— Fonogramma bo‘lsa-da, o‘tgan galgi konsertingizda ovozingiz bo‘g‘ilib, haroratingiz oshib sahnaga chiqqaningizni aytgandingiz.
— Konsert boshlandi, deguncha betob bo‘lishni boshlayman, balki bu hayajondandir. Fonogrammada konsert bergan yagona xonanda emasman-ku (kuladi). Ikki soat jonli ijroda kuylash oson ish emas.
— Balki hali “Istiqlol” san’at saroyida konsert berishga tayyormasdirsiz?
— Bu bahsli mavzu. Jonli ijrodagi konsertda asosiy omil, bu — ovoz. Talabga javob beradigan texnika bo‘lmas ekan, sahna ortidagi qiyinchiliklarni muxlislarga tushuntirolmaymiz va tanqidga uchrayveramiz. Ikki yil puxta tayyorlanib, mana uchinchi yili konsert berishga ahd qildim.
— Unda O‘zbekiston xalq artistlari Yulduz Usmonova, Ozodbek Nazarbekov qanday qilib jonli ijroda konsert berishyapti?
— Ular ham texnika, sof ovoz borasida qiynalishdi. Ozodbek aka konsert bermay ham qo‘ydi.
— “Istiqlol” san’at saroyining mavqei tushib ketmadimi?
— Haqsiz! “O‘zbekkonsert” nega san’atga kirib kelganiga hech qancha vaqt bo‘lmagan, xalq e’tiboriga tushmaganlarga konsert berishi uchun lisenziya beradi?! Natijada chiptalar majburiy sotiladi, bu noto‘g‘ri-ku! Menda bunday holat bo‘lmasligi uchun ham uch kungina konsert beryapman. Xalq sevadigan, talab bor san’atkorlargina “Istiqlol” san’at saroyida konsert berishga haqli!
— O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyevning darajasiga yetishni orzu qilasiz. Buning uchun harakatni boshladingizmi yo orzu qilgancha o‘tiribsizmi?
— Ma’murim ishlarni kamaytirsagina, vaqt topa olaman. Ishonasizmi, shu qadar vaqtim tig‘izligidan xotirjam ovqatlana olmayman, shu bois bir manzildan ikkinchisiga yetib olguncha mashinada nimadir yeb olaman. Instagramdagi rasmlarimga e’tibor berganmisiz, hammasi mashinada, umrim yo‘lda o‘tib ketyapti. Lekin maqom bo‘yicha ustozimiz Munojot Yo‘lchiyevdan dars olaman. Aytmoqchi, “xohishing, ovozing bor, uddalaysan!” dedilar (kuladi).
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi