Munisa Rizayeva: “hech qachon kanizaning uslubida kiyinmayman”
“Darakchi” gazetasining “Qisqa va lo‘nda” loyihasida ishtirok etgan xonanda Munisa Rizayeva qiziqarli savollarga qisqa va lo‘nda javob berdi.
Mavsum yangiligi
— Ayni kunlarda Mustaqilligimizning 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, "Mening yurtim" telekanali hamda “Sevimli-TV.UZ” onlayn internet kanali “Mening yurtim – mening faxrim!” aksiyasiga tayyorgalik ko‘ryapmiz. Bugun loyiha prodyuseri bilan gaplashdim. U yerda “Lol qolaman” qo‘shig‘im bilan ishtirok etishni kelishib oldik. Shuningdek hozirda yirik prodyuserlik markazi tashkil etishga tayyorgarlik ishlari ham ketmoqda. Prodyuserlik markazi qoshida bolalar 5-6 yoshdan qabul qilinib musiqiy bilim olishlari va katta sahnaga qadam qo‘yishga tayyorlanishlari mumkin. Markaz qoshida yana, kinostudiya tashkil etish ham rejalashtirilgan. U studiya suratga oladigan filmlarning bosh rollarida faqat o‘zim bo‘laman. Bundan tashqari raqs, klipmeykerlik kabi bir qancha sohalar bo‘yicha faoliyat yuritiladi. Tez kunlarda esa “Gulg‘uncha” qo‘shig‘ini klipi bilan birgalikda premera qilmoqchiman. Yana bir muhim yangilik, 20 avgust kuni “Munis” nomli liboslar kolleksiyasining namoyishi va do‘konimning rasman ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Yolg‘on
— Suhbatdoshim aldayotganini sezsam, sabr bilan gaplarini eshitaman. Keyin gaplari noto‘g‘ri ekanligini isbotlovchi dalillarni o‘ziga ko‘rsatib, indamay ketaman. Masalaga oydinlik kiritib, vaqtimni ketkazishim shartmas. Bunday insonlar bilan qaytib gaplashmayman. Rol
— Filmlarda ham, kliplarda ham, har qanday obrazda ko‘rinishim mumkin. Rejissyor menga qo‘ygan talabni to‘laqonli bajaraolishimga ishonaman. Ammo ssenariy bo‘yicha qahramon vafot etadigan bo‘lsa, bunday rolni hech qachon o‘ynamayman. Rollar hayotimizda qaytarilishi mumkinligidan qo‘rqaman. Stil
— Doim o‘zimga qulay libos tanlashga harakat qilaman. Hatto sahnaga chiqqanda ham, to‘y-marosimlardagi xizmatlarda ham. Lekin shu bilan birga noodatiy, boshqalarda qaytarilmagan va antiqa usullarni tanlayman. Lekin hech qachon Kanizaning stilida kiyinmayman! Sevgi
— Agar sevib qolsam, munosabatimni birinchi bo‘lib izhor qilishdan uyalmayman. Aksincha, ko‘nglim bo‘lmagan odamga seni sevmayman, deb aytishdan qo‘rqmayman. Ojiza
— Tabiatdan juda irodaliman. Hatto ba’zida men qiz bola emas, o‘g‘il bola bo‘lib tug‘ilishim kerak edi deb o‘ylab qolaman. Ammo ota-onamning oldida ojiza, himoyasiz bolaga aylanib qolaman. Tasavvurimdagi oilaviy surat
— Turmush o‘rtog‘im gavdali, kelishgan yigit bo‘lishini orzu qilaman. Xudo xohlasa, uch o‘g‘il, ikki qizimiz bo‘ladi. Men o‘sha paytda ham ishbilarmon ayol bo‘lib yursam kerak.