Xalqimiz orasida komedik rollari bilan tanilgan Muhammadiso Abdulxayirov rejissyor Rustam Sa'dievning “Baron” filmida salbiy rollardan birini ijro etdi. Bu haqda rejissyor Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida ma'lum qildi.
“Muhammadiso Abdulxayirov komedik rollarni ko'p o'ynayotganiga tomoshabin uni shu ijrosida yaxshiroq qabul qilgani uchun shu janrda film suratga oluvchi rejissyorlari o'z kartinalariga jalb etishadi. Buning yomon tomoni yo'q. Lekin, o'ylaymanki, Muhammadiso Abdulxayirov keng ampulali, serqirra aktyor. Uning imkoniyati juda keng.
“Quduq” filmidagi ijrosini misol qilib keltirsa bo'ladi. Bu filmdagi ijrosini ko'rib hech kimning yuzida kulgu mimikasi paydo bo'lmaydi.”, - dedi rejissyor o'z so'zida.
Uning ta'kidlashicha, Muhammadiso Abdulxayirov “Baron”da salbiy rol ijro etgan. Rejissyor uning qanday rol ijro etganini ma'lum qilmadi, biroq ijrosidan ko'ngli to'lganini bildirdi.
“Muhammadisoni anchadan beri bilaman. Teatrlarda spektakllarini kuzatganman. Uning imkoniyatlari chegaralanmagan. Bizda esa faqat komediya janrlarida undan foydalaniladi xolos. Shuning uchun tomoshabin tasavvurida komedik aktyor sifatida shakllanib qolgan. U komedik rolni qanday mahorat bilan ijro etsa, jiddiylarini ham shunday o'ynay oladi”, - dedi rejissyor.