Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » SEVGI DUNYOSI

Muhabbatsiz qurilgan nikohning asoratlari

Ba’zilar «Muhabbatsiz oila qurib bo‘lmaydi», desa, boshqalar «Yo‘q, bo‘ladi. Axir buvi-bobolarimiz bir-birlarini faqat chimildiqda ko‘rishgan-ku?!» deb yengishadi. Bu o‘rinda yagona xulosa aytish qiyin, chunki hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Kim uchundir muhabbat asosiy qadriyat bo‘lsa, boshqa birov uchun esa barqarorlik, ishonch, hurmat tushunchalari ahamiyatliroqdir. Har kim o‘z tajribasi, dunyoqarashi, tarbiyasi, bir so‘z bilan aytganda, o‘z nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda fikr bildiradi. Bugun biz mavzuga doir bir necha hayotiy vaziyatlarni mutaxassis nuqtai nazaridan tahlil qilamiz. 
1-vaziyat
«Sevmasa ham, tushunsa edi…»
Dilorom Sardorni jonidan ortiq ko‘rardi. Ularning muhabbati maktab davridayoq boshlanib, butun qishloqqa ovoza bo‘lgan edi. Ammo Sardor shaharga o‘qishga ketdi, Diloromni esa Mahkamga turmushga berib yuborishdi. Dilorom «Sabr qilsam, Sardorni unutarman, erimni sevib qolarman» deb besh yil tishini-tishiga qo‘ydi. Ammo eri uning ko‘nglini olish u yoqda tursin, bir marta ismini aytib chaqirishga ham yaramadi. Ishga boradi-keladi, onasi va opasi bilan soatlab suhbatlashadi, keyin... uxlagani yotoqqa kiradi, vassalom. Ular besh yil davomida ikki farzand ko‘rishdi-yu, ammo bir-birlariga begona bo‘lib qolaverishdi. Oxiri Dilorom bolalari bilan ota uyiga qaytib keldi. Eri esa ularni olib ketish u yoqda tursin, birrov xabar ham olmadi. 
Mutaxassis fikri: — Bu juda achinarli vaziyat. Muhabbat oilaning yagona sharti emas, usiz ham yashayotganlar bor. Lekin er-xotin bir tom ostida yashab, farzandlarni birga tarbiyalashni istashsa, o‘rtada hech bo‘lmasa, o‘zaro tushunish va ishonch tuyg‘ulari bo‘lishi lozim. Balki ular bir-biriga do‘st bo‘lar, balki hamkor, xullas, qandaydir bog‘liqlik bo‘lishi kerak. Bir shoir aytganidek, «Sen meni o‘zingdan ortiqroq sevma, sen meni o‘zimdan ortiqroq tushun». Dilorom bir paytlar kimnidir sevgan bo‘lsa, sevgandir, biroq turmushga chiqqach, eriga nisbatan qandaydir umid bilan boqqani aniq. «Balki erimni sevib qolarman…» debdi-ku! Er bo‘lsa, «Menga tegdimi, tamom, endi hech qayoqqa ketmaydi. Istasa ham, istamasa ham borim shu» qabilida ish tutgan ko‘rinadi. Umuman, oila, bu — ikki kishining mehnati asosida quriladigan qo‘rg‘on. Erkak kishi bir ojizani uyiga olib keldimi, uning ham moddiy, ham jismoniy va, eng muhimi, ma’naviy ehtiyojlarini qondirishi kerak. Ayollar uchun e’tibor zarurroq. Ko‘nglida boshqa birovning muhabbati bo‘lgan ayol uchun-ku, inchunun. Menimcha, Dilorom hadeb o‘tmish bilan yashayvermay, farzandlari uchun bo‘lsa ham, erining e’tiborini o‘ziga jalb qilishga intilgani ma’qul edi. Kelmasa, borish kerak, gapirmasa, o‘zi so‘z ochsin. Xullas, erining hayotida endi ota-onasi, jigarlaridan tashqari o‘zi ham borligini bildirsin. Axir, erkak kishi ahli ayoli, oilasi uchun mas’ul-ku! 
2-vaziyat
Kutilmagan baxt
Nagiza o‘rtoqlarining oldiga ko‘zida yosh bilan chiqdi: «To‘yim bo‘layapti, qizlar». Dugonalar hayron: o‘n sakkizga to‘lgan qiz ham to‘yi bo‘layotganida yig‘laydimi? «Senlar bilmaysanlar-da! Dadam mendan bir og‘iz ham so‘ramadi. Hatto onamga ham indamay, o‘g‘li uchun qo‘limni so‘rab kelgan og‘aynilariga to‘n kiydirib yuboribdi». Shu kuni qizlar uni ovuta olishmadi. To‘ygacha Nargiza yigit bilan zo‘rg‘a bir marta ko‘rishdi va tabiiyki, uni yoqtirmadi. Ammo yigit unga bir ko‘rishdayoq oshiq bo‘lib qolgandi. Oradan o‘n yil o‘tib, dugonalar yana uchrashishdi. Ular orasida eng baxtlisi Nargiza edi, chunki u sevimli rafiqa edi. Eri har 10 daqiqada qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘rar, u ham og‘zidan bol tomib turmush o‘rtog‘ini maqtardi. «Eh, qizlar, o‘shanda g‘irt ahmoq bo‘lgan ekanman! Abdulla akam shunaqangi ajoyib inson ekanlar-ki! Boshida uni ko‘rgani ko‘zim yo‘q edi. Ammo u sabr bilan ko‘nglimga yo‘l topdi. O‘n yil ichida uch farzandimiz bilan birga muhabbatimiz ham tug‘ildi, sinovlardan o‘tdi va mustahkamlandi», dedi u gul-gul yonib.
Mutaxassis fikri: — Hisob-kitob bilan qurilgan oila hamisha ham xato bo‘lavermaydi. Ba’zida u baxtli tasodif bo‘lishi mumkin. Nargizaning taqdirida ham shunaqangi baxtli tasodif sodir bo‘lgan. Ko‘pchilik «Avval muhabbat, keyin oila» degan formulaga qattiq yopishib oladi. Ammo hayot o‘zining kutilmagan sovg‘alari bilan qiziq-da! Ba’zan muhabbat to‘ydan keyin ham paydo bo‘lishi mumkin. Ayol kishi uchun sevmoq emas, sevilmoq muhimroq. Agar erkak ayolini chin dildan sevsa, uning qalbida bunga javoban iliq tuyg‘ular uyg‘ota oladi. Bundan tashqari, oila — muntazam harakatdagi jarayon. Kecha bir-birini ko‘rgani ko‘zi yo‘q er-xotinlar bugun tinch-totuv yashashda davom etishlari mumkin. Asosiysi, har kimga ham imkoniyat berish kerak. Agar Nargiza «Men erimni sevmayman» deb turib olganida yoki ajrashib ketganida, o‘zini haqiqiy ayollik baxtidan mosuvo etgan bo‘lardi. Tushunishimcha, nafaqat eri, balki Nargizaning o‘zi ham oralarida muhabbat tug‘ilishi uchun harakat qilgan. Bunday oilalarga xavas qilamiz.
3-vaziyat
Majburiy nikoh
Muyassar onasi-yu amma-xolalarining ta’na-dashnomlaridan qochib, dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, ishxonasiga ketib qoldi. Xonasini ochib ichkari kirdi-yu, o‘rindiqqa o‘zini tashlab, yig‘lay boshladi. Nega uni hech kim tushunmaydi, hamma o‘zicha maslahat beraveradi? Nima, u muhabbatga noloyiqmi? Faqat yoshi 25 ga chiqib, turmush qurish vaqti yetgani uchungina duch kelganga erga tegib ketaverishi kerakmi? O‘qimishli, dunyoqarashi keng qiz bo‘lsa, sevib-sevilishni, bo‘lajak turmush o‘rtog‘ini sinab-bilib, keyin oila qurishni istaydi. Shu yoshgacha kutdi. Ammo u orzu qilgan muhabbat kelmadi. Yuragini jiz ettiradigan, oromini o‘g‘irlaydigan yigit topilmadi. Biroq muhabbatsiz oila qurgisi yo‘q. Qani endi buni kattalarga tushuntirib bo‘lsa...
Mutaxassis fikri: — «Agar ayolning turmush qurish vaqti yetsa-yu, buning uchun mos nomzod topilsa, ayol, odatda, rozi bo‘ladi». Barchamizga ma’lum va sevimli «Taqdir hazili» filmining qahramoni shunday deydi. Lekin ba’zan Muyassarga o‘xshab isyon qiladiganlar ham topilib qoladi. Bu oliy ma’lumotli, aqlli qizlarning ko‘pchiligiga xos xususiyatdir. Shuning uchun ham ota-onalar ba’zan «Esi kirmay erga berib yubora qolay», deb shoshilishadi. Biroq oila shoshib, vaqtinchalik quriladigan imorat emas. Unga aql bilan yondashish kerak. To‘g‘ri, «Muhabbatim kelmadi», deb kutib  o‘tirish ham aqldan emas. Ba’zan oilalar muhabbatsiz, hisob-kitob, o‘zaro manfaat asosida quriladi va mustahkam bo‘ladi. Ba’zida esa muhabbat bilan qurilgan oilalarning umri uzoq bo‘lmaganini ham ko‘ramiz. Hisob-kitob bilan qurilsa-da, bu ittifoqdan har ikki tomon o‘zicha manfaat olishi kerak. Ya’ni, yigitda ham, qizda ham hisob-kitobli nikohga ehtiyoj bo‘lishi lozim. O‘shandagina bunday oilaviy hayot uzoq davom etishi mumkin. Shunchaki qariqiz bo‘lib qolmaslik uchungina oila qurish – noto‘g‘ri qaror. Chunki o‘rtada bir emas, ikki insonning taqdiri barbod bo‘lishi xavfi bor.
Xulosa: — «To‘ygacha muhabbat – pishgan osh, uni suzib yeyish qoladi, xolos. To‘ydan keyingi muhabbat esa endi olov yoqilgan qozon – unga nima solishni-yu, qanday taom pishirishni er-xotin hal qiladi». Qadimgi faylasuflardan biri shunday degan ekan. O‘rtada muhabbat uyg‘onmay turib oila qurishga ahd qilgan ekansiz, tushkunlikka tushmang. Hammasi oldinda, qolaversa, bari o‘zingizga bog‘liq. Yaxshi niyat bilan qizib turgan qozoningizga masalliq solavering. Nasib qilsa, bir umr yesangiz ham tamom bo‘lmaydigan va jonga tegmaydigan mazali taomning sohibi bo‘lasiz. 
Maqola psixologiya fanlari nomzodi, ruhshunos Ra’no ASOMOVA tavsiyalari asosida tayyorlandi.
Shahnoza TO‘RAXO‘JAYEVA



Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @TaronaSupportBot manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: SEVGI DUNYOSI
Просмотров: 10100 | Комментарии: 1 | Рейтинг: 1| Рейтинг: asoratlar, Muhabbatsiz qurilgan nikoh
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 1
аватар отсутствует %)
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 11:44
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное