“Malika” savdo markazidagi do‘konlar faoliyati to‘xtatildi
Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan “Malika” savdo markazidagi bir nechta do‘konlar faoliyati vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi. Bu haqda “Qalampir” internet nashriga voqeadan xabardor manbalar ma’lumot bermoqda.
Manbaning tasdiqlashicha, o‘tgan hafta juma, shanba va yakshanba kunlari savdo markazidagi do‘konlar yakka tartibdagi tadbirkorlik hujjatidan foydalanayotgani uchun ish faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.
Tegishli idoralarning qo‘ygan talabiga ko‘ra, endi “Malika” savdo majmuasida joylashgan do‘konlarning barchasi yuridik shaxs sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, “Malika” savdo markazida kondisioner, muzlatgich, mobil telefon va shunga o‘xshash maishiy texnika buyumlari sotilar edi.