Magic City’da ikki fotosuratchi o‘rtasidagi janjal pichoqbozlikka aylanib ketdi
Joriy yil 6 avgust kuni kechqurun Magic City istirohat bog‘ida faoliyat yuritayotgan ikki fotosuratchi o‘rtasida janjal yuz bergan.
Milliy gvardiya xabariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi, 20 yoshli SH.D. hamkasbi, 25 yoshli H.K.ga o‘tkir tig‘li oshxona pichog‘i bilan jarohat yetkazgan.
Voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar organi xodimlariga fuqaro SH.D tomonidan qattiq qarshilik ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng, xodimlar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini yordamga chaqirgan va fuqaro qo‘lga olingan.
Jarohatlangan fuqaro H.K.ga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, hozir uning salomatligi qoniqarli.
Huquqbuzar Sh.D.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimi qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha jazo turi qo‘llanilgan.