Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tgan MWC—2014
ko‘rgazmasida LG’ning LIII seriyali smartfonlari namoyish etildi. Ushbu seriya
modellari uchta: eng kichigi L40, o‘rtachasi L70 va eng kattasi L90 bo‘lib,
ular internet-manbalardan, ijtimoiy tarmoqlardan, pochtadan va turli biznes
dasturlaridan faol foydalanuvchilar uchun juda mos keladi, deb xabar beradi
LG Electronics kompaniyasi matbuot xizmati.
Tashqi ko‘rinishi
Qora va oq ranglarda sotuvga chiqarilayotgan LG L90
smartfoni qulay o‘lchamlarda va chetlari doirasimon korpusda bo‘lib, orqa
qopqog‘i lak shimdirilgan matoga o‘xshash ko‘rinishga ega. Bu
korpus qurilmani barmoq izlaridan himoyalaydi. Smartfon butunlay
plastikdan qilingan bo‘lib, uning yon qismiga metallsifat kumushrang tasma tushirilgan.
Apparatning bloklash tugmachasi o‘ng tomonda, ovozni boshqaradigan tugmasi
esa har doimgidek chapda joylashtirilgan. Ekranning quyi qismida uch asosiy
funksiya tugmalaridan tashqari, zarur holatlarda ikki
SIM-kartaning biridan foydalanish uchun maxsus yaratilgan
to‘rtinchi tugma ham o‘rnatilgan.
LG L90 smartfonining ekrani katta bo‘lib, uning diagonali
4,7 dyuymni, displeyi esa 940×540 o‘lchamni tashkil etadi. IPS matritsa,
hattoki, quyosh tushib turganida ham oson o‘qilishi uchun qulay yorqinlik
zaxirasiga ega. Smartfonga 8 megapikselli kamera o‘rnatilgan bo‘lib, u
3264×2448 piksel hajmida suratga oladi. Kuchli yoritgich esa qorong‘i holatda
ham sifatli suratga tushirish imkonini beradi. Kamera 1920×1080 piksellarda (30
fps), HD sifatida videoga olishi mumkin.
Qurilmaviy qismi
Operativ xotira 1 Gb, ichki xotira esa 8 Gbga teng. Shuningdek, smartfonga
32 gigabaytli micro SD kartalarini o‘rnatish mumkin. LG L90 maksimal
chastotasi 1,2 GGs bo‘lgan kuchli to‘rt yadroli Qualcomm Snapdragon 400 chipida
ishlaydi. 2540 mAh sig‘imli akkumulyator quvvati o‘rtacha 15—16 soat ishlatish
uchun yetadi, ammo to‘xtovsiz o‘yinlar o‘ynash yoki videolar ko‘rish uchun
qo‘shimcha quvvatlash kerak bo‘ladi.
L90’ga kiritilgan infraqizil porti yordamida
smartfondan televizorlar, DVD/BR pleyerlar uchun pult sifatida ham foydalanish
mumkin.
Dasturiy qismi, KnockCode
So‘nggi versiyadagi GoogleAndroid 4.4.2 (KitKat) apparati LG
Electronics yangiliklari bilan to‘ldirilgan. Masalan, "to‘la hajmli skrinshot”
funksiyasi veb-sahifalar nusxalarini to‘lig‘icha saqlab qolish imkonini beradi.
"Smart-bufer” esa maxsus sahifa elementlaridan ko‘p nusxa olish uchun
yaratilgan bo‘lib, bu keyinchalik hujjatda ularning har biridan alohida
foydalanish imkoniyatini beradi.
Shubhasiz, smartfonning eng qiziqarli funksiyasi
KnockCode’dir. Endi foydalanuvchilar ekranga bilinar-bilinmas taqillatish
orqali qurilma displeyini blok rejimidan osongina chiqarishlari yoki ushbu
rejimga kiritishlari mumkin. Shuningdek, KnockCode yordamida ma’lumotlar
ishonchli himoyalanadi.