Kuchli shamol vaqtida chilonzorlik ayol halok bo‘ldi
Avvalroq, 17 oktabr kuni kechki soat 22:00lar atrofida Toshkent shahri va ayrim viloyatlarda kuchli shamol sodir bo‘lgani, kuchli shamol natijasida elektr tarmoqlarida uzilish kuzatilib, daraxtlarning shoxlari sinishi va ularning yo‘lovchilar va avtotransport vositalariga shikast yetkazgani haqida xabar bergan edik.
FVV tomonidan 17 oktabr kuni Toshkent shahri va Buxoro viloyatida 9-32 m/s tezlikda shamol bo‘lgani haqida aniq ma’lumot berildi. Kuchli shamol oqibatida ayrim ma’muriy binolar va uylarning tom qismlariga zarar yetgan. Daraxt shoxlarining sinib tushishi sababli ba’zi fuqarolarning avtotransport vositalariga shikast yetgan, avtomobil yo‘llarida tirbandliklar yuzaga kelgan.
Daraxt shoxining sinib tushishi oqibatida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida istiqomat qilgan fuqaro G.I. turli darajada tan jarohati olgan va shifoxonaga yotqizilgan. Tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay, u shifoxonada vafot etgani haqidaxabar berildi.
Toshkent shahrining ayrim hududlarida elektr liniyalarining buzilishi tufayli elektr energiyasi ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar sodir bo‘lgan.
Mahalliy boshqaruv organlari, avariya-qutqaruv xizmatlari tomonidan yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rildi.