Kriminal avtoritet “Yovvoyi Arman” 24 kishini o‘g‘irlashda ayblanmoqda
Qozog‘istonda tartibsizliklar bo‘lgan kunlarda kriminal avtoritet Arman Jumageldiyev (“Yovvoyi Arman” nomi bilan mashhur) to‘dasining qurollangan a’zolari 24 kishini o‘g‘irlab ketishgan va hibsga olgan, ulardan biri halok bo‘lgan. Bu haqda Qozog‘iston prokuraturasining maxsus prokurorlar xizmati boshlig‘i Rizabek Ojarov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘irlab ketilganlarni do‘pposlashgan.“Ular avvalroq 12-shahar shifoxonasida (Olma-ota shahrida) qattiq kaltaklangan politsiya xodimidan qurolni ham olib ketishgan. Ushbu faktlar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Ojarov.
Hozirda Jumageldiyev ikki ishda – o‘qotar qurollarni noqonuniy saqlash va tartibsizliklar bo‘yicha ayblanmoqda.
“Ikki ish birlashtirilib, bizga, maxsus prokurorlarga topshirildi. Biz uni o‘zi saqlanayotgan Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tergov izolyatoriga o‘tkazdik”, degan Ojarov.
Ma’lumot uchun, Jumageldiyev va uning besh nafar sherigi Olma-otada qo‘lga olingani haqida 7 yanvar kuni Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilgandi. Rasmiylar yanvar oyida Turkiyadan qaytgan Jumageldiyevni yil boshidagi tartibsizliklar vaqtida tartibsizlik va amaldorlarga hujum uyushtirganlikda gumon qilmoqda.