Konsertlarga chipta sotayotgan Otajonov mashhur sulola vakilimi?
Xonanda Ali Otajonov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida: “Bir bola Otajonovlar nomidan foydalanib, Ozodbek Nazarbekovning konsertiga soxta chipta sotib yurgan ekan, undan ehtiyot bo‘linglar”, degan mazmunda xabar qoldirdi. Gap nima haqida ketayotganiga aniqlik kiritish maqsadida “Daryo” nashri xonanda bilan bog‘landi.
“Odamlar bir-ikki telefon qilib, ‘Otajonovlarning nomini sotib, soxta bilet sotib yurishibdi’, deb aytishdi. Bir bola: ‘Men Ortiq Otajonovning nevarasiman, Ali Otajonovning ukasiman, ismim Nodir s’yomkaga borishim kerak, ishim chiqib qoldi, arzon biletlarimiz bor’, deya soxta biletlar sotib yurgan ekan”, — dedi Ali Otajonov.
“U nafaqat Ozodbek Nazarbekovning konsertiga, boshqa konsertga ham soxta bilet sotganini eshitganman. Men bu bolani hali topganim yo‘q, topgan taqdirimda ham ozgina gapirishim, tushuntirishim mumkin. Maqsadim, u bolani yomonlab, orqasidan gapirish emas, balki oddiy xalq jabrlanmasin, aldovga qolmasin, deyman. Otajonovlarning ichida chiptafurushlar yo‘q, hammasining o‘ziga yarasha ishi bor”, — deya qo‘shimcha qildi xonanda.