AQShning Kaliforniya shtatida "cho‘chqa grippi” epidemiyasi
tarqalishda davom etmoqda. Yilning boshidan buyon shtatda 65 yoshgacha bo‘lgan
147 kishi bu kasallik tufayli olamdan o‘tdi.
Bu haqda 31-yanvar kuni Kaliforniya shtati sog‘liqni saqlash
departamenti vakillari ma’lum qilishgan. 2013-yil davomida esa mazkur epidemiya
jami 106 kishini hayotdan bevaqt olib ketgandi.
Departament vakili Jeyms Vattning so‘zlariga ko‘ra,
epidemiya hali davom etmoqda, kasallikdan halok bo‘lganlar soni yana ortishi
mumkin. Shu bois hukumat mahalliy aholini ushbu xastalikka qarshi emlatishga
chaqirmoqda.
Vattning ta’kidlashicha, bu yil "cho‘chqa grippi” aynan
katta yoshli, sog‘lom kishilarga yuqayotgani vaziyatni murakkablashtirmoqda.
Masalan, o‘tgan yili mazkur yosh guruhiga kiruvchi 14 kishi bu kasallik qurboni
bo‘lgandi.
"Cho‘chqa grippi” deb nomlanuchi A/H1N1 virusi ilk bora
2009-yilning martida Meksika, AQSh va Kanadada aniqlangan, shundan keyin 168
mamlakatga tarqalgan edi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti
ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 220 ming kishi bu xastalikka chalingan,
18,5 mingga yaqin kishi shu xastalikdan vafot etgan.