1. Duolar qabul bo‘ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kuni duolarning ijobat bo‘lishi haqida: “Bu kunda shunday fursat borki, musulmon banda namoz o‘qish uchun shu vaqtga duch keladi va Allohdan nimani so‘rasa, istaganini shubhasiz beradi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati). 2. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga salavotlar yetkaziladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sizlar uchun eng xayrli kun – juma kunidir. Shunday ekan bu kuni menga ko‘p salavotlar aytinglar, chunki bu kungi salavotlar menga ko‘rsatiladi”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati). 3. Qadamlar ostidan nurlar chiqadi. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Kahf surasini juma kuni o‘qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi xatolari kechiriladi”, deganlar. 4. Masjid sari tashlangan har bir qadam nafl ro‘za va ibodat qilganga tenglashtiriladi. Avs ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki juma kuni g‘usl qilib, masjidga yayov borsa, juma xutbasini chalg‘imasdan eshitsa va namoz o‘qisa, masjidga sari bosib o‘tgan har bir qadami uchun bir yillik (nafl) ro‘za va (nafl) tungi namozning ajri beriladi”, dedilar. 5. Gunohlar mag‘firat etiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki g‘usl qilib, pokiza kiyim kiysa va mushk bilan xushbo‘ylansa, masjidga shoshmasdan borsa va imom maʼruzasini bo‘lmasdan eshitsa va namoz o‘qisa u kishi uyga o‘tgan jumadan beri qilgan gunohlaridan forig‘ bo‘lgan holda qaytadi”, dedilar. Boshqa bir hadisda esa, “Kimki juma namozidan so‘ng, oyog‘ini almashtirmasdan turib quyidagi suralarni 7 martadan o‘qisa: Fotiha, Ixlos, Falaq va Nos suralarini, Alloh subhanahu va Taolo uning avvalgi va oxirgi gunohlarini kechiradi va uni mukofotlaydi”, deyilgan. 6. Masjidga barvaqt borgan tuya qurbonlik qilgan ajriga noil bo‘ladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim juma kuni g‘usl qilib, masjidga erta borsa, bitta tuya so‘ygandek bo‘ladi. Kim ikkinchi vaqtda borsa, xuddi bitta sigir so‘ygandek, kim uchinchi vaqtda borsa, xuddi bitta shoxdor qo‘chqor so‘ygandek, kim to‘rtinchi vaqtda borsa, xuddi bitta tovuq so‘ygandek, kim beshinchi vaqtda borsa, xuddi bir tuxum atagandek bo‘ladi. Imom (minbarga) chiqqanda esa farishtalar xutbani eshitishga hozir bo‘ladilar”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja rivoyati).