Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tomonidan Mo‘ynoqda kazino qurilishi tasdiqlanmoqda
“Ishonch” nashri jurnalisti Yesimxon Qanoatov tegishli hujjatlarga asosan Mo‘ynoq cho‘lida O‘zbekistonda taqiqlangan, tavakkalchilikka asoslangan qimor o‘yini — kazino qurilishi rejalashtirilayotgani haqidagi mulohazalari bilan bo'lishi.Ta’kidlanishicha, “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida alohida maqomga ega turistik-ko‘ngilochar zonasini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar” rejasi, ya’ni ‘yo‘l xaritasi’ga asosan bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov tomonidan Mo‘ynoqda kazino qurilishi tasdiqlanmoqda.
“Yo‘l xaritasi”da Mo‘ynoq tumanida alohida maqomga ega turistik-ko‘ngilochar zonasini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha ishchi guruhi tasdiqlangan. Ishchi guruh tarkibiga bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umrzoqov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariyev, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Abdulaziz Oqqulov, bosh prokuror o‘rinbosari Akmalxo‘ja Mavlonov va boshqalar kiritilgan.
Mazkur hujjatda ishchi guruhga xorijiy davlatlarning tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, kazino va shu turdagi boshqa o‘yinlarni tashkil etish bilan bog‘liq qonun hujjatlarini hamda amaliy tajribani o‘rganish belgilangan. Shuningdek, ishchi guruhga tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish bilan bog‘liq milliy qonunchilikni inventarizatsiya qilish ham topshirilgan.
“Yo‘l xaritasi” bandlarida kazino biznesini elektron va real ko‘rinishda tashkil etish va shu kabi tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarda ishtirok etish, pul o‘rniga maxsus jetonlar, fishkalar va boshqa to‘lov uslublarini qo‘llash bo‘yicha qoidalarni tasdiqlash bo‘yicha normativ-huqukiy hujjat ishlab chiqish ham nazarda tutilmoqda.
“Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish ham e’tibordan holi qoldirilmagan. “Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida alohida maqomga ega bo‘lgan turistik-ko‘ngilochar zona tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish ham alohida belgilangan.
“Demak, O‘zbekistonda ilk bor kazino va shu kabi tavakkalchilikka asoslangan o‘yin zonalari Mo‘ynoqda tashkil qilinishi haqiqatga yaqin”, — deb yozadi jurnalist Yesimxon Qanoatov.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yil may oyida O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qoraqalpog‘istonda maxsus o‘yin zonasini tashkil etish loyihasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan, ayni vaqtda ushbu zona xorijliklar uchun xizmat qilishini ma’lum qilgan edi. Mo‘ynoq tumani hokimi Yerpo‘lat Yedenbayev 2020-yil yanvarida “Daryo”ga bergan intervyusida “kazinolar qurilishi uchun, avvalo, qonunchilikka o‘zgartirish kiritish kerak”ligini ta’kidlagan edi.