Himoyaga xavf soluvchi omillar
Noto‘g‘ri ovqatlanish – Tomirdagi qon tarkibida antitanachalar (immunoglobulin) bo‘lib, ular organizmning himoya vositasi sanaladi. Oqsildan tarkib topgan mazkur antitanachalar me’yorda ishlab chiqarilishi uchun taomnomada go‘sht, tuxum, baliq, sut-qatiq, yong‘oq kabi mahsulotlar yetarlicha bo‘lishi kerak.
Surunkali stress – Ruhiyatdagi salbiy o‘zgarishlar ta’siriga tushib qolgan organizmda turli gormonlar ishlab chiqarila boshlaydi. Bu esa har bir hujayra, to‘qimalarning biokimyoviy balans o‘zgarishiga olib keladi. Ayrim turdagi gormonlar immun tizimini ishg‘ol qilib, virus va bakteriyalar uchun yo‘l ochib beradi. Olimlar fikricha, uzoq davom etgan stress davrida qondagi leykotsitlar miqdori keskin tushib ketishi oqibatida immun tizimi zaiflashib qoladi.
Surunkali uyqusizlik – Aksariyat hollarda 8 soat uyqu me’yor hisoblanishini unutib qo‘yamiz. Bir-ikki kun ozroq uxlagan kishi o‘z-o‘zidan mazkur tartibga moslashgandek ko‘rinsa-da, 5 kun ketma-ket davom etgan uyqusizlik yoki yetarlicha uyquning bo‘lmasligi immun tizimida jiddiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Nome’yoriy holatlar – sovuqsirash, qizib ketish, ko‘p yeb qo‘yish, tamaki va spirtli maxsulotlarni iste’mol qilish kabilar immun tizimi yemiruvchilardir.
Tashqi muhit – ishlab chiqarish korxonalari, maishiy sanoat, avtomobil tutuni ta’sirida havo ifloslanadi. Har kuni ifloslangan havodan nafas olish esa har qanday chiniqqan immunitetni ham ishdan chiqarishi hech gap emas. Organizmingizga foyda bo‘lishi uchun har zamon tabiat qo‘yniga dam olgani borib turing.
Diqqat: organizm ogohlantiradi!
Tez-tez kasallanish – shifokor ko‘rigiga borishingiz uchun dastlabki belgi. Yil davomida 3-4 marta (bolalarda 5-6 marta) shamollash, gripp yoki tumov bilan og‘risangiz, bilingki, immunitetingiz ko‘makka muhtoj.
Xastalikning davom etishi – Agar immunitetingiz mustahkam bo‘lsa, har qanday kasallik og‘ir darajada bo‘lsa-da, tez o‘tib ketadi. Bu holatda organizm keskin himoya choralarini qo‘llab, virus va bakteriyalarga qarshi bor imkoniyatlarni ishga soladi. Tana haroratining birdan ko‘tarilib ketishi ham shundan. Immunitet zaif bo‘lganida esa organizm yot moddalarga qarshi reaksiya bermay, tana harorati kamdan-kam hollarda balandlaydi. Shu bois davolash ishlari qancha erta boshlansa ham muolaja uzoqqa cho‘zilishi mumkin.
Ichaklar holati – qabziyat (ich qotishi) va ich ketishi kabi holatlarga e’tibor bering. Mazkur jarayonning tez-tez sodir bo‘lishi disbakteriozdan darak bo‘lib, ichaklar mikroflorasida o‘zgarish bo‘lganini anglatadi. Aynan ichaklar faoliyatiga ko‘ra immunitet darajasini taxmin qilish mumkin. Zero ingichka va yo‘g‘on ichak shilimshig‘i zararlanganda ushbu a’zo mikroflorasida ham o‘zgarish bo‘ladi. Bu kabi o‘zgarishlar oqibatida xelikobakteriya infeksiyasi yuzaga kelib, gastrit va oshqozon yarasiga sabab bo‘lishi mumkin.
Teri – tana a’zolarida tez-tez qaytalanuvchi toshmalar, frunkula, yiringli yaralar, jinsiy a’zoda yelikish (molochnisa) , 1 yilda 4 martagacha labda gerpes kuzatilsa, immunitetingiz ancha zaiflashib qolganini anglatishi mumkin.
Allergiya – bu ham immunologik o‘zgarishlardan biri sanaladi. Agar teri yuzasida qichishish yoki biror toshma kuzatilsa-yu, allergiyaga qarshi dori vositalariga murojaat qilsangiz, bu bilan kasallik belgisigina bartaraf bo‘ladi, xolos. Ammo xastalikning o‘zi va kelib chiqish sababi davolanmay qolaveradi. Natijada esa allergik qo‘zg‘alish ko‘p o‘tmay yana qaytalanadi.
Umumiy ahvolingiz – immunitet faoliyati haqida umumiy holatingizdan kelib chiqib ham bilib olishingiz mumkin. Buning uchun kun davomida organizm va ruhiyatingizdagi o‘zgarishlarga diqqat qiling. Holsizlik, quvvatsizlik, mehnat unumdorligining pasayishi organizm zaiflashib borayotganini bildirishi mumkin. Bu holatda shifokor maslahati asqotadi.
Oliy toifali shifokor-terapevt Nodira Hamroyeva tavsiyalari asosida tayyorlandi.