20 may kuni Ispaniya terma jamoasi hamda "Real Madrid" darvozaboni Iker Kasilyas 34 yoshga to‘ldi.
Futbolchi 1981 yil 20 may kuni Mostoles shahrida tug‘ilgan. U "Real" tarkibiga 8 yoshida kelib qo‘shilgan hamda butun futbolchilik faoliyatini shu yerda o‘tkazib kelmoqda. Klub bilan Chempionlar ligasini 3 marotaba, Ispaniya chempionatini 5 marotaba, Ispaniya superkubogini 4 hamda Ispaniya kubogi hamda UEFA superkubogini 2 marotabadan, shuningdek, Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida va Toyota kubogida 1 marotaba zafar quchgan.
Terma jamoa tarkibida 2 bor Yevropa hamda bir marotaba jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.
Futbol tarixidagi eng kuchli darvozabonlar qatoriga kiritilgan o‘yinchining shaxsiy yutuqlari ham jamoaviy yutuqlaridan kam emas.
Kasilyas mamlakat chempionati, kubogi, superkubogi, Chempionlar ligasi, UEFA superkubogi, Toyota kubogi hamda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida chempionlikni qo‘lga kiritgan yagona futbolchi hisoblanadi.