Hindistonlik ayol kutilmaganda 5 farzandni dunyoga keltirdi
25 yoshli hindistonlik Manita Singx ismli ayol kutilmaganda 5 farzandni dunyoga keltirdi. Homiladorlikning 26 haftasida uni to‘lg‘oq tutib, kasalxonasiga olib borilganda, yarim soat mobaynida 5 qizaloqni dunyoga keltirgan.
Manita tug‘ruqqa qadar biror tibbiy tekshiruvdan o‘tmaganligi bois, 5 qizaloqning dunyoga kelishi tibbiyot xodimlariga ham, uning o‘ziga ham kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Har bir chaqaloqning og‘irligi 1,200 kilogramm. Hozircha bolalar yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun tayyorlangan maxsus intensiv palatada saqlanmoqda. Manitaning yaqinlari uning 5 farzand dunyoga keltirganini taqdirning in’omi deb qabul qilishdi. Chunki Manita bundan 1 yil ilgari o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan, ammo bola tug‘ilgach vafot etgan.
Shifokorlar tabiiy yo‘l bilan 5 bolaning dunyoga kelishi 60 milliondan bittaga to‘g‘ri kelishini, besh nafar bir jinsli bolaning tug‘ilishi ham kamdan-kam uchraydigan hol ekanligini ma’lum qilishgan.