Hasanboy Do‘stmatov 2017-yildagi ilk jangida zafar quchdi
Jahon boks seriyasi (WSB)ning VII mavsum “C” guruhi 3-turi doirasida O‘zbekistonning Uzbek Tigers jamoasi Toshkentdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida Rossiyaning Patriot Boxing Team bokschilariga qarshi bahs olib bormoqda.
So‘nggi, 5-jangda eng yengil – 49 kilogrammgacha vazndagi bokschilar o‘zaro jang qildi. Rio–2016 Olimpiya oyinlari chempioni Hasanboy Do‘stmatov hech qanday muammosiz Bator Sagaluyevni taslim qildi. Bu Hasanboy Do‘stmatovning 2017-yildagi ilk rasmiy jangi bo‘ldi.
Oldinroq Uzbek Tigers vakillaridan Abdulhay Shorahmatov (-56 kg), Elnur Abduraimov (-64 kg), Isroil Madrimov (-75 kg) hamda Zuxriddin Mahkamov (+91 kg) rossiyalik raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgandi.
Yakunda Uzbek Tigers 5:0 hisobida Patriot Boxing Team jamoasini mag‘lubiyatga uchratib, joriy mavsumdagi ilk g‘alabasiga erishdi.
Estatib o‘tamiz, WSB doirasida Uzbek Tigers 2017-yil hisobidan ikkita jang o‘tkazib, har ikkisida ham mag‘lub bo‘lgandi. Jamoa avvaliga Xitoyda China Dragons’dan 2:3 hisobida yengilgan bo‘lsa, keyinroq Qozog‘istonda Astana Arlans’ga 1:4 hisobida imkoniyatni boy bergandi.