Gulnora Karimovanining qizi Imon Karimova Instagram’dagi sahifasi orqali O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga murojaat yo‘llab, onasini ozod qilishni so‘radi, deb xabar beradi Uz24.
Imon onasi bilan uchrashgani, uning og‘ir ahvolda ekani va jarrohlik amaliyotiga o‘ta muhtojligi haqida yozgan. Shuningdek Imon davlatga xiyonat, terrorizm va vahobizm kabi jiddiy jinoyatlarda ayblanayotgan ayollar Oliy Sud tomonidan har oyda ozodlikka chiqarilayotganini ta’kidlab o‘tgan.
Avvalroq Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli xabarlar yuzasidan Gulnora Karimova saqlanayotgan ayollar koloniyasida o‘rganish o‘tkazayotganini ma’lum qilgandi. O‘rganish xulosasiga ko‘ra, 2019 yilning mart oyida koloniyaga kelgan Gulnora Karimovaning salomatligini ta’minlash maqsadida bir necha bor malakali tibbiy yordam tashkil etilib, Sog‘liqni saqlash vazirligining tajribali mutaxassislarining (kardiolog, ginekolog, stomatolog, yuqumli kasalliklar shifokori, funksional diagnostika shifokori, UTT shifokori, endokrinolog, gastroenterolog, ruhshunos va boshqa shifokorlar) tavsiyalari berilgan.