O‘zbekiston Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi AQSh, Shveysariya, Fransiya, Rossiya va Latviya kabi davlatlar bilan Gulnora Karimovaning jinoiy yo‘llar orqali topgan va ushbu davlatlarning ayrimlarida jinoyat ishlari doirasida 1,3 milliard dollardan ortiq daromadlarini qaytarish bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda.
Mazkur hamkorlik davomida xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan Gulnora Karimovaning ilgari e’lon qilingan hukmlarda nazarda tutilmagan yangi jinoyatlari to‘g‘risida xabarlar kelib tushgan. Bosh prokuratura bayonotiga ko‘ra, ushbu holatlar bo‘yicha yangi jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun asos bo‘lgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, Gulnora Karimova o‘ziga yaqin shaxslardan iborat bo‘lgan bir necha uyushgan jinoiy guruhlarni tashkil etgan holda jinoiy uyushmani boshqarib kelgan. Tergov tomonidan Gulnora Karimova unga respublika sanoat korxonalarida faoliyat yuritgan va juda ko‘p miqdordagi jinoiy daromadlardan ulush berib kelgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga ega bo‘lgani aniqlangan.
Bundan tashqari, Gulnora Karimova fuqarolar va turli kompaniyalar egalariga bosim o‘tkazish va qo‘rqitish yo‘llari orqali ularning mulklarini o‘ziga tegishli bo‘lgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgan. “Mazkur tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning miqdori 165 million dollar va 85 milliard so‘mdan ko‘proqni tashkil qildi”, — deyiladi prokuratura axborotida.
Gulnora Karimovaga Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan tovlamachilik, talon-toroj qilish, O‘zbekistonning manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish va jinoiy uyushmani tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlarini sodir etganligi bo‘yicha yangi ayblov e’lon qilingan va unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
“Jinoyat ishi tergovi jarayonida Gulnora Karimovaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini o‘zi va yaqin qarindoshlari tomonidan jalb qilingan yetti nafar advokat himoya qilmoqda. Shuningdek, advokatlarning barcha tergov harakatlarida ishtiroki va u bilan hech qanday cheklovlarsiz xoli uchrashish imkoniyati ta’minlangan”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.
Qo‘shimcha qilishlaricha, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlangan bo‘lib, Gulnora Karimova jinoyat ishi hujjatlari bilan advokatlar ishtirokida tanishib chiqmoqda.
Gulnora Karimovaning qamoq muddati uzaytirilgani haqida avvalroq, 3-dekabr kuni uning qizi Imon Karimova Instagram’da e’lon qilgan edi. Ayni vaqtda u jinoyat ishining maqomi “maxfiy” ekanini ma’lum qilgan edi.
“Fuqarolar va jurnalistlardan savollar oqimi ko‘payib borayotgani munosabati bilan, jamoamiz Gulnora Karimovaga qarshi siyosiy motivga ega ish bo‘yicha to‘liq axborotni e’lon qilib borishni boshlaydi”, — deb yozgandi Imon Karimova. U bu ishni rasmiylarning Gulnora Karimovaning “qamoq muddatini uzaytirish va uni to‘liq izolyatsiyada saqlab turish” yo‘lidagi beshinchi urinish deb atagandi.
Gulnora Karimova 2015-yil avgustida besh yilga ozodlikdan mahrum qilingan. O‘sha vaqtda unga nisbatan yana bir jinoyat ishi bo‘yicha tergov davom etayotgan edi. Jamoatchilik bu haqda faqat 2017-yil iyuliga kelibgina xabar topgan.
Gulnora Karimova 2019-yil martidan beri Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 21-son umumiy tartibdagi koloniyada saqlanmoqda. Avgust oyida Bosh prokuratura Karimova xonimga nisbatan davlat mablag‘larini talon-toroj qilish va O‘zbekistonning manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish, shuningdek, tovlamachilik yo‘li bilan o‘zgalarning o‘ta yirik miqdordagi mulklarini egallab olish holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.