Xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalarida Gulnora Karimova va Zeromax kompaniyasi aloqalari haqida turli gaplar yuradi.
Zeromax kompaniyasi 2005 yilda Shveysariyaning Sug shahrida ro‘yxatdan o‘tgan va O‘zbekiston bilan neft va gaz savdosi bo‘yicha kelishuvlar olib borgan. 2010 yilda Zeromax 191 nafar kreditordan 5,6 mlrd frank qarz bo‘lgan holda kasodga uchradi.
Kompaniyaga O‘zbekistonda Odilboy nomi bilan mashhur bo‘lgan Mirodil Jalolov rahbarlik qilgan. Kasodga uchraguncha kompaniya O‘zbekistonda eng yirik qurilish loyihalari ustida ish olib borgan. Xususan, Hazrati Imom majmuasi va “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi qurilishida qatnashgan. Bundan tashqari, Toshkentda tekstil fabrikasi, maktab, klinika va boshqalarni qurish ishlaridan qatnashgan.
Zeromax kasodga uchragach, kreditorlar kompaniya Karimovaga tegishli bo‘lganini iddao qilib, zararlarini biroz bo‘lsa-da qoplash uchun uning Shveysariya banklarida muzlatib qo‘yilgan pullaridan hissa talab qilishmoqda.
Zeromax’ning Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lganini isbotlash uchun qator misollar keltirishadi. Masalan, qurilish kompaniyasi direktori Yurgen S., “Tages-Anzeiger”ga Toshkentda prezident saroyi uchun yasab bergan hashamdor zina ushlagichlari uchun to‘lov kutayotganini ma’lum qilgan. Zeromax buyurtmasiga ko‘ra, yasalgan ushlagich narxi 1 mln yevroga teng bo‘lgan.
“Tages-Anzeiger” va “Tribune de Genève” jurnalistlari qo‘liga kelib tushgan, 2016 yilda tuzilgan polisiya hisobotiga ko‘ra, Gulnoraning uyida va Lombard Odier bankidagi seyfida tintuv o‘tkazilganda umumiy summasi 38 mln frankka teng soat va taqinchoqlar topilgan. Shu jumladan, yoqutlar o‘rnatilgan zanjir va ulkan qizil brilliant qo‘ndirilgan uzuk topilgan. Bundan tashqari, polisiya hisobotida shveysar va nemis kompaniyalari Karimovaga Jenevaning Koloni ma’muriy hududidagi “Magnoliya” villasini ta’mirlab bergani uchun yuborgan hisobvaraqasi mavjud. Shuningdek, Fransiya va Gonkongdagi ko‘chmas mulk xaridi to‘g‘risidagi axborot, yevropalik futbolchilarning O‘zbekistonga transfer qilingani uchun to‘lovlar ko‘rsatilgan.
Gulnora Karimova bu to‘lovlarning barchasini o‘zi to‘lamay ba’zilarini Zeromax kompaniyasiga yo‘naltirgan. Taxminlarga ko‘ra, kompaniya 127 mln frankni Karimova ko‘rsatmasiga binoan sarflagan. Shu va boshqa dalillar Shveysariya hukumatiga keltiriladi.
Hozirda Shveysariya Hukumati Gulnora Karimovaning mamlakat banklarida muzlatib qo‘yilgan 800 mln frank pulini haqqoniy egasiga qaytarish ustida bosh qotiryapti.
Bu pullarga ikkita talabgor mavjud – Zeromax’ning zarar ko‘rgan kreditorlari va o‘zbek xalqi. Aslida yana bir talabgor mavjud. U ham bo‘lsa, AQSh. Amerika Gulnora Karimova barcha korrupsion ishlarini dollarda amalga oshirganini da’vo qilib, pullarning bir qismini talab qilyapti.
Eslatib o‘tamiz, Shveysariya federal prokuraturasi Gulnora Karimovaning muzlatilgan pullarini O‘zbekistonga qaytarish uchun musodara qilishni boshlagandi. Bu kreditorlar va Gulnora Karimova advokatining noroziligiga sabab bo‘lgandi.