Avvalroq, Shveysariya prokuraturasi Gulnora Karimovaning mamlakat banklarida muzlatib qo‘yilgan pullarini O‘zbekistonga qaytarish niyatida ekani haqida xabar bergan edik.
Gulnora Karimovaning advokati Greguar Manja (Grégoire Mangeat) Shveysariya prokuraturasining 700 million shveysariya frankini (810 million AQSh dollari) O‘zbekistonga qaytarish rejalariga qarshi shikoyat arizasi tayyorlayotgani ma’lum bo‘ldi.
Advokat Shveysariya Federal jinoiy sudiga murojaat qilmoqchi.
Shveysariya prokuraturasi may oyida Jeneva va Syurixdagi banklarda muzlatilgan pullarni O‘zbekistonga qaytarish uchun musodara qilishga buyruq bergan edi.
Advokatning fikricha, olti nafar sudlanuvchidan ikki nafarining iqror bo‘lishiga asosan pullarni konfiskatsiya qilish Karimovaning huquqlarini buzadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Gulnora Karimova ayblovlar bilan tanishib chiqquncha 20 kun kutadi. Shveysariya Federal prokuraturasi iyul oyida Karimova bilan uchrashishi kutilyapti.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova jinoiy ishi bo‘yicha to‘liq rasmiy ma’lumotni e’lon qilgan edi. Unda qayd etilishicha, hozirda 12 ta xorijiy davlat hududida 1 mlrd 394,1 mln AQSh dollari, 63,5 mln yevro, 27,1 mln funt va 18,5 mln frank miqdordagi mablag‘ legallashtirilgan.
Gulnora Karimovaning korrupsiya, pulni o‘zlashtirish va yuvish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etishdagi aybi uyushgan jinoiy guruh a’zolari N.Sodiqov, R.Madumarov, Sh.Sobirov va boshqalarning, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari, uyushgan guruh nazoratidagi 45 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va 16 ta offshor kompaniyalar faoliyatini tekshirish materiallari, olingan yozma va ashyoviy dalillar, ekspertiza xulosalari hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topgan.
Gulnora Karimovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Sunnatilla Abdullaev