Ijtimoiy tarmoqlarda Gulnora Karimova o‘z joniga qasd qilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Bunga aniqlik kiritish maqsadida O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonovaga murojaat qildi.
Surayyo Rahmonovaning qayd etishicha, G.Karimova bilan bog‘liq tarqalayotgan xabarlar asossiz. Xabar tarqalgach, uning qanchalik haqiqatga yaqinligi tekshirib ko‘rildi va uydirma ekani ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, G.Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan, 2019 yil 5 martda jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan edi.
Ayni paytda Gulnora Karimova umumiy tartibli koloniyada jazo muddatini o‘tamoqda.