Fonogramma-shou yoxud “E’tirof-2015”da mikrofonni yo‘qotib qo‘yganlar
Bir necha kun muqaddam Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida o‘tkazilgan “E’tirof-2015” shou dasturi ko‘pchilikda aralash taassurot qoldirdi. Bayramona tadbirning o‘tkazilganidan mamnun, vaqtini chog‘ o‘tkazganlar qatorida, ayrim holatlar jiddiy noroziliklarga sabab bo‘ldi. G‘oliblar orasida birtalay nomunosiblari bo‘lgani aytildi, konsert dasturiga biror o‘ziga xoslik, yangilik kiritilmagani ko‘p bora ta’kidlandi. Sayyod.com sayti ijodkorlari esa tadbirning boshqa bir jiddiy kamchiligiga e’tibor qaratishdi.
Sahnaga chiqqan xonandalarning barchasi fonogrammaga og‘iz qimirlatib turishgani yaxshi ma’lum. Lekin shunday “og‘iz qimirlatish”ning-da o‘ziga yarasha mas’uliyati bor ekanki, “E’tirof”da shuni ham eplay olmaganlar bo‘ldi. Dastlab tomoshabinlar kulib qo‘yishdi, xatolar takrorlanavergach, muxlislarning g‘ashiga tega boshladi. Xonandalar hatto fonogrammaga ham hafsala bilan tayyorlanmagani oshkor bo‘lib qoldi.
Taqdim qilingan videojamlanmada artistlar kulgili vaziyatga tushib qolgan onlar bir oraga to‘plangan. Ziyodaning xayoli boshqa joyda bo‘lgan shekilli, o‘z qo‘shig‘ining so‘zlari qaerdan boshlanib, qaerda tugashini unutib qo‘ydi: naqorat so‘zlari tugamasidan mikrofonni pastga tushirdi. Duet kuylagan Shahzoda va Ulug‘bek Rahmatullaevlar ham navbatma-navbat bu xatoni takrorlashdi. Ularning safiga tez orada Jasur Umirov ham qo‘shildi. Videorolikka ishonadigan bo‘lsak, “mikrofonsizlar” ketma-ketligiga O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova yakun yasab bergan. Bu tomosha yakunlanganidan yengil tin olish mumkin edi, ammo konsert zalida bo‘lganlar fonogramma-shouning davomiga guvoh bo‘lishdi: barcha san’atkorlar sahnaga chiqib, birgalikda qo‘shiq “kuylashdi”, lekin mikrofon faqat Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova va Ziyodaning qo‘llarida bor edi. Qolgan san’atkorlar yo favqulodda kuchli ovoz sohiblari bo‘lib chiqishdi, yoki bo‘lmasa o‘zbek shoumenlari tadbirda ovozni mikrofonsiz quloqlarga yetkazuvchi innovasion texnologiyadan foydalanishdi.
Quyida o‘quvchilarimizga ushbu videorolikni taqdim etamiz, san’atkorlar va tashkilotchilarni esa tomoshabinni hurmat qilishga chaqirib qolamiz. Fonogrammadan foydalanishni keskin qoralamaymiz, ammo undan foydalanish madaniyati ham bor.