Estradamiz Yulduzlari Yoz mavsumini qanday va qaerda o‘tkazmoqdalar
Yoz mavsumi sayohat qilish, anchadan beri rejalashtirilgan ta’til onlarini maroqli o‘tkazish va hordiq olish uchun ayni vaqti, desak adashmaymiz. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzata turib, taniqli yulduzlarning muxlislari ularning sevimli ijodkorlari qaerda dam olayotganlaridan xabardor bo‘lib boradilar. Bu esa ularning qiziqishini yanada oshirishi tabiiy. Shuni inobatga olgan holda, e’tiboringizga taqdim etayotgan xabarlarimiz orqali qaysidir san’atkorlar oilasi, yana kimlar esa do‘stlari bilan sayohatga chiqqanidan xabardor bo‘lishingiz mumkin. Shu bilan birga, ta’til onlari muxrlagan fotosuratlarni tomosha qiling.
Maftunkor Shahzoda oilasi bilan Yevropaning janubida, dengiz bo‘yida joylashgan Monako davlatida mazmunli hordiq olmoqda. Farzandlari Salih hamda jajjigina Halid bilan birga o‘tayotgan eng yorqin daqiqalari fotolarda aks ettirilgan.
"Shahzod" ansabli yakkaxoni Rashid Holiqov esa shou biznes olamida ijod qilayotgan bir qator yaqin do‘stlari bilan birga okean ortiga sayohatga chiqqan. Nyu York, Mayami endi esa Koliforniyada ta’tilni davom ettirayotgan Rashid Holiqov o‘z fotolari bilan birga qisqa vidolarini ham ijtimoiy saytlarga joylashtirmoqda.
Rayhon hamda "SADO" ansabli yakkaxoni Akbar birgalikda oila va farzandlari bilan Antaliyada maroqli va mazmunli vaqt o‘tkazishmoqda. Ularning orasidagi bir necha yillik do‘stlik munosabatlari oilaviy rishtalarga ulanib ketgan.
Estradamizning yorqin namoyondasi Ziyoda turmush o‘rtog‘i Eldor, o‘g‘ilchasi va oila a’zolari bilan Turkiyada "Bellis Deluxe Hotel" mehmonxonasidan joy olishgan.
Shou biznesimizning yana bir yorqin vakilasi Munisa Rizayeva yoz mavsumidagi ta’til onlarini Fransiyaning Kan shaxrida o‘tkazishni hush ko‘radi. Har yili shu manzilda yaqin dugonalari bilan hordiq oladigan xonanda bu yil bu an’anani buzib oila a’zolari bilan ta’tilni o‘tkazmoqda.
Barcha yulduzlarimizga maroqli hordiq onlarini tilaymiz va “Yaxshi dam, mehnatga hamdam” deganlaridek yurtimizga qaytishganidan so‘ng yaxshi ijod namunalarini kutib qolamiz.