Yaqin dugonalarimdan biri turmush o‘rtog‘ining nuqul mehmonxonada uxlab qolishidan shikoyat qilib qoldi. Buni eshitgan boshqa hamsuhbatimiz esa aksincha: “Tunlari o‘g‘lim xarxasha qilib qolsa, erim qo‘shni xonaga chiqib ketadi. Men bolamni yonimga olib, maza qilib uxlayman”, deydi. Ha, bu kabi holatlar turmushimizda ko‘p uchraydi. Ammo biz ayollar erkaklarning alohida tunashlariga e’tiborsiz bo‘lishimiz to‘g‘rimikan? Bu munosabatlarning darz ketishiga sabab bo‘lmasligi uchun nima qilmoq kerak? Keling, yaxshisi, vaziyatni chuqurroq o‘rganish uchun hayotiy misollarga murojaat qilsak. Shu bahona siz ham o‘zingiz uchun kerakli tavsiyalardan boxabar bo‘lasiz.
“Mendan ko‘ngli qoldimikan?..”
— Farzandli bo‘lganimizdan beri erim boshqa xonada uxlab qoladigan odat chiqardi. Bolaning tunlari uyg‘onishi uyqusiga xalal berayotgan emish. Balki, men yoqmay qolgandirman?
Zilola, Toshkent shahri.
— Taxminingiz noo‘rin. Yaxshisi, aybni o‘zingizdan qidiring. Chunki sizdagi onalik tuyg‘usi er-xotin munosabatlarini biroz chetga surib qo‘ygan. Farzand dunyoga kelgach, dastlabki oylar eringiz sizga ko‘maklashgan bo‘lishi va bunday paytlarda yotog‘ingizning bir yoki alohida ekani u qadar bilinmagan bo‘lishi mumkin. Ammo bolakay 5-6 oylik bo‘lgach, ota-onalik mas’uliyatidan tashqari er-xotinlik munosabatlarini ham unutmaslik kerak. Erkaklar, garchi, o‘z farzandi bo‘lsa-da, bola tufayli mehringiz bo‘linayotganidan norozi bo‘lishadi. Vaziyatni o‘nglashni istasangiz, bolaning kun tartibi, ovaqatlanish soatlarini qayta ko‘rib chiqib, eringizning ko‘nglini olishga harakat qiling. U hamon sevimli va ardoqli ekanligini his etsin. Shunda e’tiborsizligingiz tufayli oraga sovuqchilik tushmaydi.
“Erimni hech tushunolmayman”
— Turmush o‘rtog‘im nuqul futbol tomosha qilish bahonasi bilan televizor qarshisida pinakka ketadi. O‘rningizga kirib yoting, desam, shu yer qulay, meni bezovta qilma, deydi. Hayronman, shovqin-suronda uxlashning nimasi qulay ekan?..
Gulnora, Samarqand shahri.
— Sizga erish tuyulgan holat, haqiqatan, eringizga ma’qul kelayotgandir. Zotan, erkak va ayol kishining fikrlashi bir-biridan butkul farq qilganidek, ulardagi voqelikka munosabat ham turlicha bo‘ladi. Ammo vaziyatning boshqa izohi bor: agar eringiz tez-tez turli bahonalar bilan alohida tunashni ixtiyor etsa, yotoqda birga uxlash bilan bog‘liq muammolar bor-yo‘qligini ko‘rib chiqing. Ko‘pincha, ayollar erkakning xohish-istaklarini rad etayotganda uning salbiy kechinmalari haqida o‘ylashmaydi. Ba’zi erkaklar ana shunday noxushliklardan qochib, alohida yotishni odat qilishi ham mumkin. Agar juftingiz yoningizga shoshilmayotgan bo‘lsa, bilingki, u siz bilan televizor qarshisidagi xotirjamlikni his qilmayapti. Munosabatlaringizni o‘zingiz uchun chuqur tahlil qilib, unga yaxshi bir yangilik kiritishni maslahat beramiz.
"Xiyonatkor emasman!”
— Bolalikdan shunday odatim bor: televizor tomosha qilsam yoki musiqa tinglasam, uyqu eltadi. Ammo buni xotinim noto‘g‘ri tushunayapti. Go‘yoki, men boshqasini topib olib, uni yoqtirmay qolganmishman.”
Sarvar, Qarshi shahri.
— Bir olimning shunday iborasi bor: “Barchamiz bolalik mamlakatidanmiz. Hozirgi fe’l-atvorimiz, fikrlashimiz, voqealarga munosabatimiz bolalikda olgan tarbiyamiz mahsulidir”. Bu fikrda jon bor, albatta. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, bolalik — ortda qolgan davr. Barcha muammolarni yoshlikka ag‘darish ham biroz noto‘g‘ri. Uylanish, oila qurishga qodir bo‘libsizmi, demak, odatlaringizning ayni damdagi hayotingizga salbiy ta’siri bormi-yo‘qligini aniqlab olishingiz kerak. Fe’l-atvoringiz qay vaqtda oilangiz, qay bir vaqtda esa er-xotinlik munosabatlariga ta’sir qilayapti, shu haqda jiddiy o‘ylang. Oilangizda tinchlik-xotirjamlik bo‘lishi uchun o‘z ustingizda ishlasangiz, yutqazmaysiz.
“Men ham charchayman, ammo...”
— Erimning menga ma’qul kelmaydigan odati bor. Ba’zan ishlarim ko‘p edi, deb kech keladi va ovqatlanadi-yu, qaer qulay tuyulsa, shu joyda uxlab qolaveradi. Hatto stolga boshini qo‘ygancha uyquga ketishi ham mumkin. Turg‘azib, o‘rniga olib kiray, desam, dakki eshitganim qoladi.
Omina, Toshkent viloyati.
— Bu holatni erkakning xarakteri, temperamentidan kelib chiqib izohlash mumkin. Haqiqatan, ba’zi erkaklar uchun oila tinchligi, farzandlar salomatligining o‘zi baxt sanaladi. To‘g‘ri, eringizning asosiy e’tibori va vaqtini ishga bag‘ishlayotgani sizga yoqmasligi mumkin. Ammo uni ham tushunishga harakat qiling. Unga nisbatan qarashlaringizni biroz yumshatib, juftingiz bilan qanday umumiy qiziqishingiz borligini o‘ylab ko‘ring. Ishdan erta qaytgan kunlari ana shu qiziqishlardan kelib chiqib, munosabatlarni o‘zingiz istagandek yo‘lga solishingiz mumkin.
“Hanuz angloldim”
— Esimni taniganimdan beri bobom bilan buvimning yotoqlari alohida bo‘lganini bilaman. O‘shanda bolalarcha soddalik bilan “Buvi, nega bobom bilan birga uxlamaysiz?”, desam buvim: “Yoshing keksayib qolganidan keyin alohida bo‘lgan ma’qul-da”, derdilar. Hali-hanuz buning sababini tushunolmadim.
Sanobar, Qibray tumani.
— Insonning jismoniy va ruhiy holatidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, ayrimlarda ma’lum bir yoshga yetgach, jinsiy aloqaga bo‘lgan ishtiyoq sustlashib boradi. Agar bu holat har ikki tarafda ham noroziliklarni keltirmasa, yotoq alohida bo‘lganining zarari yo‘q. Shunday oilalar ham borki, bobo-buvining yotog‘i bo‘lak bo‘lsa-da, bir-biriga bo‘lgan munosabati, mehr-muhabbati cheksiz. Har bir inson, har bir juftlik individual bo‘lgani bois, kim necha yoshgacha bir yotoqda yotishi kerak, degan savolga xar kim uzining xayotidan kelib chikib javob bergani ma’qul. Er-xotinning jinsiy ehtiyoji faol bo‘lsa, ular 50-60 yoshda ham bir yotoqda bo‘laveradi.
“Bu xudbinlik emasmi?”
— Turmush o‘rtog‘im juda rashkchi. Hech qaerga bir o‘zimni yolg‘iz yubormaydi. Ba’zan ayvondagi kursida uxlab qoladi-da, tong otgach, nega yonimda yotmading, er qaerda bo‘lsa, xotin ham shu yerda bo‘lishi kerak, deb janjal ko‘taradi.
Malika, Urgut tumani.
— Juftingizda xudbinlik, o‘ziga nisbatan ishonchsizlik bor. Shu sabab ortiqcha rashk qiladi. Bunday odam bilan yashash oson emas. U bilan til topishish uchun xatti-harakatlaringiz va xushmuomalangiz orqali ishonchini qozonishingiz kerak. Xudbinliksiz ham mening mehr-muhabbatimga loyiqsiz, degan tushunchani uning ongiga singdiring. Eringiz uxlab qolganida yonida bo‘lishingizni istayotgan bo‘lsa, shunday qiling. Bir-ikki marotaba xohishini bajarsangiz, uchinchisida o‘zi istagan xotirjamlikka erishadi. O‘zingizdagi kibrni nari surib, munosabatingizni o‘zgartirishga harakat qilsangiz, natijasi barcha urinishlarni oqlaydi.
Erkaklar iqrori
Ayolim kenjamizni ko‘krak sutidan ajratmagan. Ba’zan uning badanidan sut hidi anqib turadi. Aytsam, xafa bo‘ladimi, deb o‘zimni kursida uxlab qolgandek tutaman.
Baxtiyor, 32 yosh.
Ishdan charchab kelganimda boshim yostiqqa tegsa bo‘lgani, ayvonda bo‘ladimi, mehmonxonadami, ahamiyati yo‘q. Uxlab qolaveraman.
Sardor 27 yosh.
Toshkent viloyatidan shaharga ishga qatnayman. Masofa olis bo‘lsa ham kechki payt, albatta, o‘z uyimga, o‘z yotog‘imga qaytishga odatlanganman. Oilam bag‘rida bo‘lmasam, ko‘zimga uyqu kelmaydi.
In’omjon, 30 yosh.
Xotinim yoshga to‘lmagan o‘g‘limizni o‘rtamizda olib yotadi. Bu menga yoqmaydi. Jahlim chiqqanidan mehmonxonaga chiqib ketaman.
Botir, 37 yosh.
Rafiqam bilan aytishib qolsak, ko‘pincha, boshqa xonaga chiqib yotaman. Bu bilan qadrimni bildirib qo‘yay, deyman.
Orif, 26 yosh.
Ayollar qanday fikrda?
Ba’zan erimning hoxishiga qarshi borib, uning mulozamatini rad etaman. Jahli chiqqanidan boshqa xonaga chiqib yotadi. Balki o‘zimda ham ayb bordir.
Rohatoy , 28 yosh.
Turmush qurganimizga 10 yil to‘layotgan bo‘lsa-da, erim biror marta mendan alohida uxlamaydi. Balki bir-birimizni qattiq hurmat qilganimizdandir, bu.
Malohat, 33 yosh.
Aytishib qolsak, men boshqa xonaga chiqib yotaman. Bu esa erimning nafsoniyatiga tegadi. Keyin u ham hovlining narigi burchagiga o‘tib ketadi.
Ziyoda, 30 yosh.
— Erimni rashk qilaverganimdan, o‘zimga-o‘zim muammo orttirdim. O‘ylab qarasam, savolu so‘roqlarimdan bezor bo‘lib, uxlashim bilan mehmonxonaga chiqib ketadigan odat chiqardi.
Gulsara, 26 yosh.
Guvohi bo‘lganingizdek, turmushda ko‘p narsa ayol kishiga bog‘liq, degan iboraning nechog‘li haqiqat ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi. Demak, er-xotin munosabatlarida muammolardan qochish yoki kimnidir ayblash emas, balki vaziyatni qanday qilib ijobiy hal qilish mumkinligini o‘ylash eng maqbul yo‘ldir.
Ruhshunos Barno Ilhomova hamda androlog-seksopatolog Ramazon Nazarov tavsiyalari asosida
Dildora Yusufbekova tayyorladi.
|