Endi korrupsiya bilan maxsus boshqarma shug‘ullanadi
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil etish belgilandi.
Farmon bilan yangi vazirlikning markaziy apparati tuzilmasida sport faoliyatini tashkil qilishda asoslilik, ob’ektivlik va shaffoflikni ta’minlashga, jumladan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ajratilgan davlat moliyaviy mablag‘laridan oqilona foydalanilishini tahlil qilish, aholining sport xizmatlaridan qoniqish darajasi va sport xizmatlaridan foydalana olish shart-sharoitlarini baholash, shuningdek, korrupsiya va boshqa suiiste’molchilik holatlarini aniqlash uchun mas’ul bo‘lgan Jismoniy tarbiya va sport sohasida monitoring boshqarmasi tuziladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi huzuridagi bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalarida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalari tuziladi.
Hujjatda hududiy boshqarmalarga bo‘ysinadigan va Jamg‘arma hisobidan moliyalashtiriladigan shaharlar jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari tashkil qilinishi ham aytib o‘tilgan.