Qulog‘imizga har qancha noxush eshitilmasin, XXI asrda odam savdosi gullab-yashnamoqda. Kimningdir singlisi, kimningdir qizi jinsiy qullikka giriftor qilinib, shafqatsiz insonlar qo‘lidagi haqir o‘yinchoqqa aylanishmoqda. Bu haqda o‘ylashning o‘zi dahshat. Biroq, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Birlashgan Arab Amirliklari hududida qul savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik to‘daning to‘riga ilingan o‘zbek qizlari ana shunday achchq qismat bilan ro‘baro‘ bo‘lishdi.
Bu jinoiy to‘daning eng faol a’zolari ayollar bo‘lib, ular orasida O‘zbekiston fuqarosi, Navoiy shahrida yashovchi Adolat Aminova ham bor edi. Nigora ismli qizini tarbiyalab voyaga yetkazayotgan bu ayol boshqa birovlarning qog‘ozga o‘ralgan qanddek avaylab boqqan iffatli qizlarini fahsh botqog‘iga sudrash nainki qonuniy tarafdan og‘ir jinoyat, balki axloqi nuqtai nazardan eng jirkanch razolat ekanini tushunmagan bo‘lsa?
Biroq, mo‘may pul orttirish ilinjida BAA jinoiy doiralarida Anjela nomi bilan tanilgan bu ayol yosh va chiroyli qizlarni Dubay fohishaxonalariga jo‘natishni o‘ziga kasb qilib oladi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda qizlar eng oddiy huquqlardan mahrum qilinar, hujjatlari tortib olinib, tahqirlanar, zo‘rlanar, faqatgina qorin to‘ydirish uchun tinimsiz ishlashga majburlanardi.
Huquq-tartibot organlarining aniqlashicha, navoiylik 28 yoshli Dilshod Qalandarov A.Aminovaning O‘zbekistondagi bosh agenti, “tirik tovar” to‘plash uchun mas’ul shaxs sanalgan. “Beka”sining topshirig‘iga ko‘ra, qizlarni qidirib topar, ularning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirar, uchinchi mamlakatlar – Qozog‘iston yoki Qirg‘iziston orqali BAAga yuborardi.
Soddadil, go‘l qizlar esa, uning balandparvoz va’dalariga chuv tushishar, Dubayda bir-ikki yil ofisiant, parikmaxer yoki farrosh bo‘lib ishlash orqali o‘zlari orzu qilgan shohona hayotga erishish haqida xomxayollarga borishardi.
Ta’kidlash joizki, ushbu maqola muallifi ishtirok etgan sud majlisida Dilshod Qalandarov avvaliga Adolat Aminovani mutlaqo tanimasligini, uning biznesiga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytib turib oldi. Ammo, jabrlanuvchilarning ko‘zda yosh bilan bergan ko‘rsatmalari oldida u aybini tan olishdan boshqa chora topolmadi.
“Tirik tovar” savdosi ishtirokchilarining kirdikorlari haqida o‘quvchilarda to‘laroq taassurot hosil bo‘lishi uchun jabrlanuvchilar bergan ko‘rsatmalarning qisqacha mazmuniga ko‘z tashlasak.
Samarqandlik Z.K. o‘zi Moskvada ishlar, hamyurti F.Sh bilan bitta kvartirada ijarada turishardi. Biroq, rublning qadrsizlanishi natijasida so‘nggi paytlarda oladigan maoshi hatto ijara haqini to‘lashga ham yetmay qolgach, u pul topishning boshqa yo‘llarini qidirishga tushdi. Ana shunday kunlarning birida u BAAda oddiy sartaroshlar ham misli ko‘rilmagan darajada maosh olib ishlashi haqida eshitib qoldi.
Ana shu fursatda Z.K. bilan Adolat Aminova boshchiligidagi to‘daning yo‘llari tutashdi. Rossiyada ham o‘ziga yarasha tanish-bilish orttirgan Adolat qizni osongina qarmoqqa ilintirdi. Unga qo‘ng‘iroq qilib, Dubaydan unga ish topganini aytib qoldi. U hatto qizga yo‘l xarajatlari uchun 400 dollar pul ham jo‘natdi. Shundan so‘ng Z.K. o‘zining pasport ma’lumotlarini viza rasmiylashtirish uchun D.Qalandarovga yubordi.
Bishkek orqali BAAga yo‘l olgan qiz to‘ppa-to‘g‘ri Anjelaning nayrang qafasiga ilindi-qoldi. Anjela unga go‘zallik salonida emas, mehmonxonada ishlab, erkaklarga “xizmat ko‘rsatishi” lozimligini anglatgach Z.K. dahshatdan tosh qotdi. Har qancha yalinib yolvormasin, foydasi bo‘lmadi. “Sen mendan qarzdorsan, ishlab uzmasdan qochib qolishni xayolingga ham keltira ko‘rma, aks holda mendan qutulib bo‘psan. Boshingga itning kunini solaman”.
Begona yurtda himoyasiz qolgan ojizaning ko‘nishdan bo‘lak chorasi qolmagandi. Shundan so‘ng u “Golden si” mehmonxonasida Anjela aytgan ishni qila boshladi.
Ko‘p o‘tmay, Z.K.ning pasporti muddati o‘tib ketgani bois, uni O‘zbekistonga deport qilishdi. Qulog‘igacha qarzga botgan Z.K.ning yana olti nafar qizni “tuzoqqa tushirib” allaqanday Shuhrat degan yigitning yetovida ortga qaytishdan boshqa chorasi qolmagandi. A.Aminova unga Dubayda qolib, shu yerda shahovoniy xizmat ko‘rsatadigan shoxobcha ochishni taklif qilib, unga 10 ming dollar qarz beradigan bo‘ldi. Albatta shunchaki rahmatga emas, ikki baravar qilib qaytarish sharti bilan. Ammo ko‘p o‘tmay bu ikki ayol orasidagi munosabat buzildi. Anjela undan olgan qarzni ustida uch yuz dirham qo‘shib qaytarishni talab qildi. Keyin esa, Z.K.ning pasportini tergovda shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lmagan bir qirg‘izistonlik ayolga pullab yubordi. Z.K. esa, o‘z pasportini undan qaytarib olishi uchun 12 ming dollar to‘lashga majbur bo‘ldi.
Z.K.singari uning singlisi ham Aminova hamda uning hamtovoqlari changaliga tushib qoldi. Uni ham Dubayga go‘zallik salonida ish topib berish va’dasi bilan chaqirib olishib, fohishalikka majbur qilishgandi. Dastavval bu “xizmati” evaziga uning oilasiga har oy 500 dollardan yuborib turishga va’da qilishgandi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, oila a’zolari hech kimdan hech qanday pul olishmagan ekan. U ishlab topgan pullarning bari Anjelaning jig‘ildoniga tushgan.
Yana bir jabrlanuvchi, Samarqand viloyatining Payariq tumanida yashovchi yana bir ojiza g‘urbat diyorida tushkunlikka tushib ichkilikka berilib qolgan. Ana shu aybi uchun Dilshod Qalandarov uni bir necha marotaba yaxshilab do‘pposlagan. Uyiga qaytmoqchi bo‘lgan yoki o‘z xojalari bilan haq talashgan boshqa ojizalar ham ana shunday xo‘rlik va azoblarga duchor bo‘lishardi.
Qashqadaryo viloyatidan kelgan N.I. Samarqanddan borgan S.G. navoiylik L.Sh. va boshqa shu kabi o‘nlab qizlar shirin va’dalarga uchib firibgarlar tuzog‘iga ilinganlarini bilmay qolishdi.
Sirdaryo viloyatida yashovchi Manzura Mamatova esa, boshqalardan farqli o‘laroq, o‘z ixtiyoriga ko‘ra fohishalikni tanladi. Toshkentdagi kafelardan birida ofisiant bo‘lib ishlab yurgan Manzura Dubayda ishlaydigan Yulduz G‘oziyev orqali Anjela bilan tanishib qoldi. U yerda qanday yo‘l bilan pul topilishini oldindan bilgach, Qozog‘iston va Qirg‘iziston orqali o‘tib, BAAga uchib ketdi. Keyin esa, Adolat Aminovaning fohishaxonasida ishlay boshladi. Oradan ko‘p o‘tmay, M.Mamatova O‘zbekistonga qaytib, Dubayga jo‘natish uchun yosh va go‘zal, ayni paytda pulga muhtoj qizlarni izlashga tushdi. Uning ilk, va oxirgi (xayriyatki) o‘ljasi S.ismli qiz bo‘ldi. Manzura uni “opaxon”iga 300 dollarga pullab yubordi.
Ushbu jinoyat ishi qahramonlari orasidan jinoyat olamida Qarshi xola nomi bilan tanilgan qashqadaryolik Raima Sharapovani alohida aytib o‘tish joiz. Uning asosiy vazifasi turli mamlakatlardan pulni Anjelaga o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘lgan. Tergovda aniqlanishicha, Qarshi xola pul uchun o‘zining yaqin sherigi, hatto Dubayga borib ishlashni chin dildan istab yurgan jiyanini sotishdan ham qaytmadi.
Ssenariy o‘sha-o‘sha: avval yuqori maosh to‘lanadigan ish va’dasi, keyin BAAga parvoz, Adolat Aminova bilan uchrashuv va oxir-oqibat fohishaxonadagi jirkanch hayot.
Sud majlisi natijalariga ko‘ra, aybdorlar o‘z qilmishlariga yarasha uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etildi. Ammo, bu bilan o‘n gulidan bir guli ochilmagan qizlarning barbod bo‘lgan hayoti, toptalgan or-nomusi, sarobga aylangan orzu umidlarini qayta tiklab bo‘larmidi? Orada yuz bergan shuncha noxushliklardan keyin ularning hayoti izga tushib ketarmikin?
Buni vaqt ko‘rsatadi. Biz esa, mo‘may pul topish ilinjida chet elga borishni xomxayol qilib yurgan xotin-qizlarimizni yana bir karra ogohlantirish maqsadida ushba maqolani e’tiboringizga havo qildik.